Nyu-Yorkda markaziy osiyolik yoshlar uchun yangi ta’lim loyihasi

  • Amerika Ovozi

Loyiha taqdimoti, Bruklin, 27-mart 2016-yil

Nyu-Yorkning Bruklin tumanida joylashgan O’zbek – Amerika jamiyati O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa o’lkalaridan kelgan yigit-qizlarga oliy o’quv yurtlariga kirishda yordamlashi maqsadida “Oliy ma’lumotga yo’l” (The Pathway to University Education) nomli loyihani boshladi.

Bir guruh o’zbek faollari tomonidan ta’sis etilgan markaz - nodavlat, notijorat tashkiloti, AQShda yashaydigan markaziy osiyolik muhojirlar, xususan yoshlarga Amerika jamiyatida o’z o’rnini topishda ko’maklashishni maqsad qilib olgan. Bu maqsadga erishish esa maktab o’quvchilariga kollej va universitetlarga kirishda yordamlashishni taqozo etadi.

Qurbon Ro'zahoji, O'zbek-Amerika jamiyati faoli

Tadbirni ochib bergan faol Qurbon Ro’zahoji o’zining bundan 36 yil avval AQShga ko’chib kelganidan keyingi hayoti haqida ham gapirdi va oliy ma’lumot olish ahamiyatiga urg’u berdi.

Uning fikriga qo’shilgan yana bir faol, Farhod Sulton o’zbek oilalarida bolalarga katta e’tibor berilishi, aksariyat ota-onalar farzandining Amerika orzusiga erishishini istashini aytdi. U, shuningdek, masalaning moliyaviy tarafi, xususan universitetlarda o’qish uchun mablag’ topishga to’xtaldi.

Bu AQShda oliy ma’lumot olaman, deganlar uchun eng og’riqli masalalardan biri, chunki, o’liy o’quv yurtlarida o’qish katta mablag’ talab qiladi.

So’nggi yillarda o’qish, darsliklar va boshqa o’quv qurollari uchun narxlar yanada oshgan. Ammo AQShda daromadi past bo’lgan oilalardan chiqqan yoshlarga, agar talablarga javob bera olsa, grantlar va stipendiyalar beriladi.

Daromadi balandroq oilalarning farzandlari esa, odatda, kredit olib o’qiydi. Oliy ma’lumot afzalliklarida to’xtalgan Varol Gurler bankdan kredit olgan yoshlar universitetni bitirib, yuqori malakali mutaxassis sifatida kattaroq maosh olishi va maosh hisobidan kreditni to’lay olishiga e’tibor qaratdi.

Yangi loyiha doirasida oilalar federal va boshqa turdagi grant va stidendiyalar haqida ma’lumot, ularni olish uchun ariza topshirishda yordam olishi mumkin.

Suhrob Ismoilov Nyu-Yorkda ishlaydigan o'zbek mutaxassislaridan biri

Tadbirda AQShning eng nufuzli oliygohlaridan biri – Kolumbiya universitetining yuridik fakultetini (Columbia Law school) bitirgan o’zbekistonlik Suhrob Ismoilov o’z tajribasi bilan o’rtoqlashdi. U, xususan, kasb tanlash ahamiyatiga to’xtaldi.

“Shifokor yoki huquqshunos kabi an’anaviy kasblardan tashqari zamonaviy texnologiyalar bilan bog’liq sohalar bor. Ular nihoyatda tez rivojlanmoqda. Shuni hisobga olish kerak. Bundan 10-20 yil o’tib qaysi soha mutaxassislariga talab katta bo’ladi, deb o’ylab ko’ring”, - deya tavsiya berdi Ismoilov.

U, shuningdek, “ota-onalarga bolaning yoshligidan o’qishiga katta e’tibor berishni tavsiya qilardim, xususan qiz va o’g’il bolalarni ajratmay, teng ko’rish kerak. Qizlar ham kelajakda zo’r mutaxassis bo’lib yetisha olishini yoshligidan bilsin”, deb aytdi.

AQSh universitetini bitirib, tibbiyot sohasida ishlayotgan Nilufar Salimova va huquq sohasida ta’lim olgan Gulbahor Po’latova ham o’z tajribasi bilan o’rtoqlashdi.

Yangi loyiha doirasida yuqori sinf o’quvchilari uchun SAT kurslari tashkil etiladi. SAT maxsus test bo’lub, uni topshirish - kollej va universitetlarga kirishdagi asosiy talablardan biri. O’zbek – Amerika markazi a’lochi o’quvchilarga kurslarda bepul o’qish imkonini beradi.