O’zbek-Amerika markazidan Nyu-Yorkdagi muhojirlarga yordam

  • Amerika Ovozi

Amerikada ish topish mavzusida vatandoshlar uchun seminar, Bruklin, Nyu-York, 29-may 2016-yil

Nyu-Yorkda joylashgan O’zbek-Amerika jamoat markazi (UACC) o’zbekistonlik muhojirlar uchun dolzarb ijtimoiy mavzularda seminarlar o’tkazadi.

29-may kungi tadbirda, xususan, Amerikada ish topish haqida gap ketdi. Vakansiyalarni qidirishda foydali internet xizmatlari havola qilindi, shuningdek, ishga kirish uchun rezyume tayyorlash o'rgatildi.

AQShga “green card” lotereyasini yutib kelgan kishi oldida avvalo ish topish vazifasi turadi. Ingliz tilini mukammal bilgan odam yuqori malakali mutaxassislar talab qilinadigan ishlarga bemalol ariza topshirishi mumkin.

Ammo turli shaharlarga ko’chib kelayotgan o’zbekistonliklar orasida bundaylar ko’p emas. Aksariyati ingliz tilini yaxshi bilmagani sababli malaka talab qilinmaydigan sohalarni tanlashga majbur.

Ayollar odatda keksalarga qaraydigan mutaxassis (home attendant) bo’lib ishlaydi. Bu ishning ijobiy tarafi shundaki, bor-yo’g’i ikki haftalik tayyorgarlik kurslarini o’tagach, ishga tushish va – eng muhimi – pul topa boshlash mumkin.

Bu kasb azaldan muhojirlar kasbi sanalgan. Nafaqat O’zbekiston, balki dunyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan immigrantlar ham - ingliz tilini o'rganib olgunicha - shu sohani tanlaydi.

Faol vatandoshlardan Farog'at Eshbekova fikricha tadbirda berilgan ma'lumotlar juda foydali. Bruklin, 15-may 2016-yil.

​Erkaklar esa qurilish sohasida ishlashi mumkin. Hozir ko’plar mamlakatda bir muncha vaqt yashab, maxsus haydovchilik guvohnomasini olgach, “Uber” taksi xizmatiga ishga kirishni afzal ko'rmoqda.

Seminarga kelgan ayollarning aksariyati keksalarga qarashini, erkaklar esa “kirakashlik” qilishini aytdi.

Ishtirokchilarga rezyumelar bo’yicha maslahatlar berildi, uni mukammalashtirish va ishga kirish imkonini oshirish maqsadida tuzatishlar kiritishda yo’q-yo’riq ko’rsatildi.

Bu - markaz yaqinda boshlagan seminarlar turkumining ikkinchisi. Bundan ikki hafta oldin o’tgan ilk tadbir Nyu-Yorkda arzon uy-joy topishga bag’ishlangan edi.

Shahar va shtat ma’muriyatlari ajratadigan subsidiyalar hisobiga arzonlashgan uylar shaharning turli mahallalarida joylashgan va daromadi past oilalarga taqdim etiladi.

Hozirchashu.com vebsayti ham tadbir haqida ma'lumot berdi. Videoni YouTubeda ko'rishingiz mumkin.

AQShga ko’chib kelganiga ko’p bo’lmagan o’zbekistonlik muhojirlar odatda ko'p daromad qilmaydi va hatto 5-6 kishilik oilalar bir yoki ikki xonali uylarda ijaraga turishadi.

Demak, ular arzonlashtirilgan uy olishga loyiq deb topilishi mumkin. Bu jarayonda ariza topshirish, oilaning loyiq ekanini (eligible) aniqlash va boshqa jihatlarini markaz vebsaytidan topish mumkin.

O’zbek-Amerika jamoat markazi arzon uy olish uchun ariza topshirishda vatandoshlarga yordamlashadi. O’zbek tiliga o’girilgan arizani markazdan olishingiz mumkin.

Buning uchun www.uzbekcenter.org vebsaytiga yoki mana bu yerga kirib, o’zingiz haqingizda ma’lumot qildirishingiz va arizani yuborishni so’rashingiz kifoya.

Keyingi seminar 12-iyunga belgilandi. Markaz faollari tadbirga AQShda hamshira (nurse) bo’lishni istaganlarni taklif qilmoqda.

Hozir maktabning yuqori sinflarida oqiyotgan va kollejga kirib, bu sohada tahsil olishni rejalayotganlar yoki yoshi kattaroq bo’lgan va hamshiralikka qiziqqan vatandoshlarga beriladigan ma’lumotlar ayniqsa foydaIi.