Prezident Barak Obama joriy hafta Osiyo bo’ylab 10 kunlik safarga otlanmoqda. Payshanba kuni yo’lga chiqib, do’stona davlatlar – avval Hindiston, so’ng Indoneziya, Janubiy Koreya va Yaponiyada bo’ladi.
Maqsad esa ayon – butun region va har bir davlat bilan iqtisodiyot va mudofaa bobida rishtalarni mahkam qilish.
Saylov bahsi, demokratlar va respublikachilar tortishuvi alanga olar ekan, Obama uchun bu xizmat safari ayni muddao. AQSh rahbari bir oz chalg’iydi, muhimi, ittifoqchi davlatlar ko’nglini ovlab keladi, deydi tahlilchilar.
Qo’shma Shtatlar faqat o’zi bilan o’zi ovora emas, balki hamon xalqaro maydonning kuchli lideri ekanini ko’rsatishi kerak, deydi ular.
Prezident Barak Obama to’xtaydigan birinchi davlat – Hindistonda uning obro’si baland.
Hindiston demokratik yurt, AQShning iqtisodiy sherigi, terrorizmga qarshi kurashda strategik hamkor. Bundan tashqari, regionda Xitoyga bas kela oladigan yagona yirik davlat. Tahlilchilar nazarida Obamaning safari ikki mamlakat g’aznasi uchun, iqtisodiyoti uchun koni foyda.
“Har ikki davlatda ish o’rinlari yaratish kerak”, - deydi Hindiston-Amerika biznes kengashi vakili Ron Somers. “Hindiston tez taraqqiy etib borayotgan bozor. Bu ittifoqdan biz ham, ular ham birday foyda ko’radi”, - deydi Somers.
Prezident Obama dastlab tijoriy poytaxt sanalmish Mumbayga boradi. Hindiston va Amerika biznes ahli bilan ko’rishadi, 2008-yilgi terror xurujlarini xotirlash marosimida qatnashadi, ta’lim dargohlarida so’zlaydi.
Terrorchilar nishonga olgan otellardan biri, “Toj Mahal”da tunashi kutilmoqda. Dehlida esa prezident parlamentda ma’ruza qilib, AQSh-Hindiston yadroviy hamkorligiga alohida to’xtaladi.
Navbatdagi manzil – bolaligi o’tgan Indoneziyaga Obama yil boshida borishi kutilgan edi, ammo ichki muammolar tufayli tashrif ikki bor qoldirildi. Eng yirik musulmon davlat, demokratik tuzum, strategik harbiy hamkor, terrorga qarshi kurashda muhim ittifoqchimiz – Indoneziya, deydi Oq uy rasmiylari. Poytaxt Jakartada Obama ulkan Istiqlol masjidini ziyorat qiladi.
Prezident uchun keyingi bekat – Seul, Janubiy Koreya. Darvoqe, bu davlat Katta Yigirmalik rahbarlari sammitiga berilib tayyorgarlik ko’rmoqda. Seuldagi chog’ida prezident Obama Xitoy rahbari Xu Tsintao bilan uchrashadi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, bu tashriflar regionda agressiv siyosat olib borayotgan Xitoyni ko’zlab uyushtirilgan. Yaqinda rasmiy Pekin Janubiy Xitoy dengizini o’z mulki deb ta’riflagan edi. Muzokaraga o’rin yo’q degan mazmunda. Holbuki, Janubi-sharqiy Osiyodagi yana besh davlat dengiz va undagi neftga qisman da’vogar.
Sal oldin esa, sentabr oyida Xitoy Yaponiya bilan ham tortishdi. Har ikki davlat o’z mulki deb bilgan Senkaku orollari yaqinida yapon dengizchilari xitoy qayig’ini qo’lga olgani rasmiy Pekinni g’azabga to’ldirib, Yaponiyaga atalgan kamyob minerallar tranzitini taqa-taq to’xtatdi. Yaponiya qayiqni ham, uning ekipajini ham qo’yib yubordi hamki, Xitoy Tokiodan rasman uzr talab qilib turib oldi.
Pekinning keskin siyosati qo’shnilarni AQSh, Hindiston va Rossiyadan panoh izlashga majbur qilmoqda.
AQSh davlat kotibining sobiq muovini Nikolas Byorns fikricha, Qo’shma Shtatlar Xitoyni ochiq siyosat yuritishga undashi lozim.
“AQSh Hindiston, Yaponiya kabi davlatlar bilan teng, oshkora hamkorlik qilib keladi. Regiondagi boshqa davlatlar bilan ham shunday. Barqaror, demokratik hudud haqida gap ketmoqda. Xitoy kuchga to’lib borar ekan, buni inobatga olishi, qo’shnilar bilan hisoblashishi kerak”, - deydi Byorns.
Biroq Xitoy Amerikaga kerakli hamkor. Pekinni yakkalash yoki jazolash qimmatga tushishi mumkin. Amerikaning iqtisodiy manfaatlari Xitoyniki bilan chambarchas bog’liq.
Shunday ekan, prezident Obama Xitoy rahbari Xu Tsintao bilan ko’rishib, talash hududlar va pul siyosati haqida yumshoq gaplashishni ma’qul topishi aniq. Tahlilchilar nazarida Xitoy muhimlikka muhim, lekin mintaqaning boshqa davlatlari undan aslo kam emas.
AQSh rahbari nihoyat safar so’ngida Yaponiyaga, 21 davlat a’zo Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitiga jo’naydi. Amerika prezidentlari APEC anjumanlarini odatda qoldirmay keladi.
Prezident 14-noyabrda uyga qaytadi. Ungacha Kongressga saylovlar o’tib, Vashingtondagi siyosiy manzara tubdan o’zgarishi hech gapmas.