AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini regional muammolarni hal qilish, inson huquqlarini himoya qilishda faollikka chaqirmoqda. Vazira kecha Qozog’iston poytaxti Ostonada tashkilot sammitida so’zlagan.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti oxirgi bor 1999 yilda sammit qilgan. Qozog’iston hukumati anjumanga mezbon ekan, fursatdan foydalanib, yangi poytaxtini, iqtisodiy yutuqlarini ko’z-ko’z qilishga urindi. Biroq tashkilotga rais bu davlat inson huquqlari bobida keskin tandiq ostida.
Qozog’istonga safari chog’ida Xillari Klinton faollar, talaba yoshlar bilan uchrashib, demokratik islohotlar zaruratini qayta-qayta tilga oldi.
Klinton nazarida konstitutsiyaga erkinlik haqida band kiritish bilan ish bitmaydi.
“Amalda jurnalistlar xor bo’lib, ta’qib qilinsa bundan naf yo’q. Saylov o’tkazdik, deb ko’krak kerishdan ham foyda yo’q. Jarayon ochiq, adolatli bo’lishi muhim”, - deydi u.
“Saylangan rasmiylar demokratik boshqaruv yo’lini tanlab, kuchli institutlar barpo etishi darkor”, - deydi vazira.
AQSh rasmiysi Yevropada Xavfsizsiz va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarni Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashga da’vat etdi. Klinton fikricha, tashkilot qarorlar qabul qilib, ularni ijro etishga qodir ekanini isbotlashi kerak.
“Alohida-alohida davlatlar bu yo’lda hissa qo’shmoqda, biroq tashkilot chegara xavfsizligi va qoradori savdosiga qarshi kurashda ko’proq ish qilishi mumkin. Markaziy Osiyoda beqaror nuqtalar bor ekan, butun mintaqa xavf ostida yashaydi. Yechilmagan mojarolar doimiy tahdid bo’lib qolaveradi”, - deydi Klinton.
Ostonadagi sammitda qatnashgan O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov ham tashkilot salohiyatini savolga tutgan. Uning aytishicha, guruh Qirg’izistonda yozgi qirg’in paytida sustkashlik qilgan.
Markaziy Osiyo va bugun dunyoda erkinlik va xavfsizlikni kuylagan tashkilot, deydi Norov, xunrezlikning oldini olishga, qonli to’qnashuvlarni to’xtatishga ojizlik qildi.
Shu yilning yozida Qirg’iziston janubidagi qirg’inda qariyb 2 ming odam nobud bo’lgan, yuzlab fuqaro jabr tortgan edi.
Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti nazarida Davlat kotibasi Xillari Klinton regionga safari chog’ida, ayniqsa, O’zbekiston va Qirg’izistonda huquq masalasini ko’tarishi kerak.
Oktabrda parlamentga saylovlar o’tgan Qirg’izistonda partiyalar hafta boshida koalitsiya tuzishga kelishib olgan.
Xillari Klinton Qirg’izistonda parlamentar demokratiya qurish tashabbusini olqishlamoqda. Bishkekda prezident Roza Otunbayeva bilan uchrashgan Klinton nazarida bu region uchun “mardona qaror”.
Yil boshidan beri borib-kelayotgan, qo’zg’olon va etnik qirg’inni boshidan kechirgan Qirg’izistonda koalition hukumat tuzildi hisob. Asosan avtoritar rahbarlar hukmron Markaziy Osiyo uchun ilk tajriba bu.
Xillari Klinton prezident Roza Otunbayeva bilan matbuot anjumani o’tkazar ekan, Qirg’iziston xalqining irodasi, erkin va adolatli saylovlar yo’lini tanlagani tahsinga loyiq deya baholadi.
“Bu mushkul yo’l ekani hammaga ayon",- deydi u.
"Demokratik boshqaruv, barcha elatlar va viloyatlar manfaatini birday himoya qilishga qodir mustahkam parlament barpo etish oson emas. Bu tashabbusga qo’l urganingiz ajoyib”, - deydi Klinton.
Prezident Roza Otunbayeva “Murakkab damda AQSh yordam qo’lini cho’zdi, ham ruhiy, ham moddiy ma’noda, buning uchun rahmat”, - deydi.
Xillari Klinton yozgi qirg’in yuzasidan qamoqqa olinganlar, asosan o’zbeklar, shuningdek, sobiq rahbarlar adolat bilan sud qilinadi degan umidda.
Klinton va Otunbayeva Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar uchun muhim “Manas” tranzit markazi xususida ham gaplashgan. Bu borada biror o’zgarish kutilmayapti.
Xillari Klintonning aytishicha, Amerika Afg'onistonda harbiy harakatlarni davom ettirar ekan, Qirg'izistonda o'z tranzit markaziga ega bo'lishni istaydi.
"Manasni 2014 yilgacha tark etish niyatimiz yo'q", - deydi u.