Litva poytaxti Vilnyusda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yillik majlisga yig'ilgan.
56 davlat vazirlari so'nggi bir yildagi faoliyatga baho berib, xavfsizlik masalalarini ko'rmoqda. AQShdan anjumanda Davlat kotibasi Xillari Klinton ishtirok etmoqda.
Vilnyus anjumani Rossiyadagi parlament saylovlariga to'g'ri kelgani bois mavzu ishtirokchilar diqqat markazida bo'ldi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilariga ko'ra, jarayonda ko'plab qonunbuzarliklar o'rin olgan. Xillari Klinton Rossiyani kuzatuvchilar missiyasining tavsiyalariga quloq berishga va ular asosida chora ko'rishga chaqirdi.
"Uyushish erkinligi, fikr erkinligi nafaqat internetda, balki real hayotda ham ta'minlanishi kerak", - dedi Klinton Rossiyada mustaqil matbuot va saylovni kuzatgan tashkilotlarning internetdagi sahifalariga saylov kuni qilingan xurujlar haqida so'zlar ekan.
Moskva va Sankt-Peterburgdagi namoyishlar paytida yuzlab odam hibsga olingan. Mustaqil manbalarga ko'ra, matbuot ular haqida lom-lim demayapti.
"Saylovlar bizni xavotirga soldi. Mustaqil siyosiy partiyalar ro'yxatga olinmadi. Yevropa kuzatuvchilarining ilk hisobotiga ko'ra, soxtalashtirish hollari keng kuzatilgan", - deydi AQSh davlat kotibasi.
Klinton a'zo-davlatlarni Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi o'zgarishlarga ham befarq bo'lmaslikka chaqirdi.
"Tashkilotga a'zo ayrim davlatlar orasida o'z vaqtida avtoritarizmdan demokratik tizimga o'tganlar bor. Ular Yaqin Sharq davlatlari va Afg'oniston bilan o'z tajribalarini o'rtoqlashishi mumkin", - deydi Klinton.
AQSh bosh diplomatining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Afg'oniston, savdo, energetika va boshqa masalalarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka tayyor, ammo shu bilan birga demokratik islohotlar va inson huquqlarini ham e'tibordan chetda qoldirmaydi.
Vilnyusdagi Vazirlar Kengashi yig'ilishi doirasida Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari Tog'li Qorabog' bo'yicha muloqot qilib, qo'shma bayonot qabul qildi. Ma'lumki, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Minsk Guruhi jarayonda vositachi. Guruhga Rossiya, Fransiya va Qo'shma Shtatlar hamrais.
Elmar Mammadyarov va Eduard Nalbandyan Ozarbayjon va Armaniston Tog'li Qorabog' mojarosini tinch yo'l bilan hal qilish tarafdori ekanini yana bir bor ta'kidladi. Minsk Guruhi yordamida bevosita muloqotni davom ettiramiz, deyiladi qo'shma bayonotda.
Joriy yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga Litva raislik qilmoqda. O'tgan yili guruhni Qozog'iston boshqargan edi.