AQSh: Bin Laden Pokiston himoyasida bo’lgan deb xulosa qilishga hali erta

Jamiyat Ulamo Islom diniy partiyasi a'zolari bin Laden o'ldirilganini qoralab, namoyish qildi

Obama ma’muriyati Pokiston hukumatidan Osama bin Laden bu mamlakatda kimlar bilan aloqada bo’lgani, turar joyini qanday qilib uzoq yillar maxfiy saqlagani yuzasidan tekshiruv boshlashni so’ramoqda.

“Al-Qoida rahbarining Abbotobodda o’z tizimi bo’lgani aniq. Lekin rasmiy Islomobod, siyosiy va harbiy yetakchilar hamda razvedka bu haqda bilgan deb aytish uchun dalil-isbot yo’q”, - deydi Tom Donilon, prezident Barak Obamaning maslahatchisi.

Bin Laden o’ldirilgan uyda u bilan uch xotini, bolalari, yordamchi va qurollangan soqchilari bo’lgan. AQSh tergovchilari ularni so’roq qilish uchun ruxsat so’ramoqda.

Pokiston esa bin Ladenning yaqinlarini vataniga, jumladan Saudiya Arabistoni va Yamanga jo’natmoqchi.

Dunyoning yetakchi terroristi Abbotobodda, poytaxt Islomobodga yaqin bir shaharda olti yilcha istiqomat qilgani tabiiyki bir qancha savollar tug’diradi.

Shu bois, deydi Tom Donilon, Pokistonda bu borada yangi razvedka ma’lumotlari bo’lsa AQSh bilan bo’lishishi zarur.

AQSh Mudofaa vazirligi kuni kecha Osama bin Ladenning uyidan topilgan videolarni ommaga havola etdi.

Bu orada, Pokiston qonunchilari prezident Osif Ali Zardariy, Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy va boshqa rahbarlar ishdan ketishini talab qilmoqda.

“AQSh bizning zaminda ruxsatsiz reyd o’tkazgani uchun kimdir javob berishi kerak axir”, - deydi muxolifat rahbari Chaudri Nisar Ali.

Osama bin Ladenni o’ldirish operatsiyasi o’ta maxfiy bo’lib, rasmiy Islomobod bu haqda so’nggi daqiqagacha xabardor qilinmagan.