Pokiston bosh vazirining ogohlantirishicha, agar Afg’onistonda nizolashayotgan tomonlar tinchlik kelishuviga erisha olmasa, AQSh qo’shinlari chiqib ketganidan keyin “anarxiya” yuzaga kelib, mintaqada vaziyat izdan chiqishi mumkin.
Buni ham ko'ring AQSh Afg’onistondagi kuchlarining chorak qismini ortga qaytardiImron Xon bu haqda AQSh Afg’onistondan qo’shin va texnikasining qariyb yarmini ortga qaytarganini e’lon qilishi ortidan so’zladi. Amerikalik askarlarning mamlakatdan chiqishi Vashington va Tolibon o’rtasidagi 2020-yilgi kelishuvda belgilangan edi.
“Amerikaliklar ketganidan keyin Afg’onistonda siyosiy kelishuv bo’lishi, anarxiyani bartaraf etishga qodir konsensus asosida hukumat tashkil topishi juda muhim”, - deydi Bosh vazir Imron Xon.
Islomobodda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan muloqot qilgan Imron Xon Afg’onistonda siyosiy murosa bo’lishi uchun mintaqa davlatlari birgalikda harakat qilishi kerakligini ta'kidladi. Bu mintaqaviy savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ham turtki beradi.
“Amerikaliklar chiqib ketganidan so’ng siyosiy kelishuvga erishilmasa, sovetlar Afg’onistonni tark etganidan keyin yuzaga kelgan vaziyat takrorlanadi degan xavotirdamiz. Bu Pokiston va boshqa qo’shni mamlakatlar uchun ham ziyon”, - deydi Imron Xon.
Pokiston da’vosiga ko’ra, jangarilar armiya olib borgan harbiy amaliyotlardan qochib Afg’oniston hududida boshpana topgan va o’sha yerdan turib terror hujumlarini davom ettirmoqda.
Buni ham ko'ring Tolibon masalasida Pokiston-Afg'oniston aloqalari hanuz tarangKobulga ko’ra esa Tolibonni zimdan qo’llab-quvvatlayotgan, bu guruh yetakchilariga Afg’onistonda zo’ravonlikni amalga oshirishga izn berayotgan davlat bu – Pokiston. Islomobod ayblovni rad etadi.
2600 kilometrlik umumiy chegaraga ega ikki davlat orasidagi azaliy ziddiyatlar va shubhalar ortida ana shunday o’zaro ayblovlar yotadi.
Qo’shma Shtatlar Tolibon bilan 2020-yilgi kelishuvga yetaklagan muzokaralarni tashkillashtirishda Islomobodning yordamini e’tirof etadi. Bu hujjat keyinchalik Tolibon va Kobul muzokarachilari o’rtasida tinchlik muloqotiga ham yo’l ochdi, ammo hozirgacha natija bo’lgani yo’q.
Pokistondagi yuqori lavozimdagi manbalarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qatarda kechayotgan muloqotni joyidan siljitish uchun Islomobod yordam bermoqda va tomonlar shu hafta muzokara stoliga qaytishi kutilyapti.