Mahmud Abbos Isroildan yahudiy posyolkalarini qurishni bas qilishni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Falastin rahbari Mahmud Abbos shundagina muzokaraga qaytamiz, deydi. Davlat departamenti nazarida, bu talabda turib olish befoyda.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos Isroildan Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiy posyolkalari qurishni bas qiling, deb talab qilmoqda.

Shundagina tinchlik muzokaralariga qaytamiz, deydi u. Abbos Misrda prezident Husni Muborak bilan gaplashib, Arab Ligasi bilan favqulodda majlis chaqirishga undagan.

Obama ma’muriyati nazarida Isroilga posyolkalar bobida talab qo’yishdan naf yo’q. Siyosatni burishga qaror qilgan AQSh Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakil Jorj Mitchelni kelasi hafta regionga jo’natmoqda.

Obama ma’muriyati Isroil bilan yahudiy mahallalari borasida tortishuv ish bermaganini tan olmoqda. Biroq Oq uy Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish, Falastin davlati barpo etish sari boshqa yo’ldan borish mumkin deb hisoblaydi. Kelasi yil oxirigacha bu maqsadga erishish mumkin, deydi rasmiylar.

AQSh Isroil va Falastin o’rtasida vositachilik qilib, bevosita muzokaraga undab kelayotgan edi. Tomonlar sentabrda birrov gaplashib oldi ham.

Falastin rahbari Mahmud Abbos g’arbiy sohilda qurilish ishlari tugatilsin, shundagina muzokaraga qaytamiz, deb talab qo’ygan. Davlat departamenti nazarida, bu talabda turib olish befoyda.

Qo’shma Shtatlar Isroilga murosa yo’lida harbiy yordam, jumladan F-35 rusumli 20 dona harbiy samolyot, diplomatik imtiyozlar va’da qilgan, evaziga qurilishni to’xtatishni so’ragan. Biroq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu taklifga rozi bo’lsa-da, qo’l ostidagi vazirlarni ko’ndira olmadi.

Shunday ekan, Qo’shma Shtatlar endi boshqa yo’llarni izlashga kirishmoqda, deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Krouli. Biroq g’arbiy sohilda qurilishga hamon qarshimiz va bu fikrga sodiq qolamiz, deydi Krouli.

Tez kunda Isroil Mudofaa vaziri Yahud Barak va Falastin muzokarachisi Soyib Erekat Vashingtonga kelishi kutilmoqda. AQSh diplomati Jorj Mitchel esa Yaqin Sharqda Isroil va Falastin tomoni, hamda arab dunyosidagi ittifoqchilar bilan ko’rishadi.