Falastin bu yil BMTning to'laqonli a'zosi bo'lmoqchi

  • Amerika Ovozi

FILE - Palestinian Ambassador to the U.N. Riyad Mansour speaks during the Security Council meeting at United Nations headquarters, Dec. 22, 2023.

Falastin bu yil BMTning to'laqonli a'zosi sifatida qabul qilinishga bel bog'lagan. Uning BMTdagi vakili Riyod Mansur deydiki, bu - mustaqil davlatga aylanish tomon real qadam.

2012-yildan beri Falastin BMT Bosh Assambleyasi debatlarida qatnashish huquqiga ega, lekin ovoz bera olmaydi.

Mansurning aytishicha, uning rahbariyati Arab davlatari yordamida BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilib, undan a'zolik uchun ruxsat berishni so'raydi. Kengash olqishlasa, masala keyin Bosh Assambleyada hal qilinadi.

Buni ham ko'ring Isroil AQShning Falastin rejasiga qarshi

Xavfsizlik kengashining kamida to'qqiz a'zosi iltimosni quvvatlashi shart va biror doimiy a'zo veto qo'ymasligi kerak.

Doimiy a'zolardan biri bo'lmish AQSh veto huquqidan keng foydalanadi va azaldan Isroil tarafini olib keladi. Vashington Falastin mustaqil davlatga aylanishini istaydi, ammo unga ko'ra, oldin Isroil bilan kelishib olishi zarur.

2012-yilda Falastinning Bosh Assambleyadagi maqomi oshirilganida AQSh va Isroil qarshi chiqqan.

“Asosiy to'siq Xavfsizlik kengashida", - deydi Mansur.

Mart oyida arab davlatlarning bosh diplomatlari maslahatga yig'iladi.

Falastinning BMTdagi vakili Bosh Assambleya minbarida turib, Isroil va XAMASni otashkesimga chaqirdi, Nyu-York, 9-yanbvar, 2024

Isroil va XAMAS urushining to'rtinchi oyi boshlanar ekan, Falastin vakili Bosh Assambleya minbarida turib, otashkesimga chaqirmoqda.

“Tinchlik istasangiz, sulh tuzing", - deya undaydi u.

Isroil elchisi Gilad Erdan deydiki, otashkesim XAMASga vaqt beradi. Yahudiy davlatning maqsadi uni mutlaq yo'q qilish.

“Sulh XAMAS uchun qayta qurollanish, to'planish va yangidan boshlash imkoniyatini beradi", - deydi Erdan.

Isroil nazarida BMT XAMASning terrori va qonxo'rligiga ko'z yumib, urushda faqat uning davlatini ayblamoqda.

2023-yilning 7-oktabrida XAMAS Isroilda 1200 odamni o'ldirgan, deya eslatadi elchi. Guruh 240 odamni garovga olgan. Ularning 100 ga yaqini hozirgacha ozod etilgan.

Buni ham ko'ring Blinken Falastinda mustaqil davlat barpo etishga chaqirmoqda

“BMT uchun Isroilning talafotlari, uning qatl etilgan fuqarolari qurbonlar emas ekan, ko'rib turibmiz. BMT terroristlar uchun arsenal vazifasini o'tamoqda. BMTning har bir agentligi Isroilga qarshi ishlamoqda”, - deydi Erdan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish buni inkor etadi. Uning idorasiga ko'ra, Guterrish har bir bayonoti va chiqishida har ikki tarafni urushni to'xtatishga chaqirib, Isroil va Falastin hududlarida chekilayotgan azob-uqubat haqida birdek qayg'uradi.

Mojaro hal qilinishi, G'azo ahli uylariga qaytishi, vaziyat barqarorlashishi uchun BMTning har bir qismi jon-jahdi bilan harakat qilmoqda, deya bildiradi Bosh kotibiyat.

G'azoni 2007-yildan beri boshqaradigan XAMAS rasmiylariga ko'ra, Isroil hujumlaridan hozirgacha 23 mingdan oshiq odam halok bo'lgan. Jarohatlanganlar 60 mingdan oshgan.

BMT hisobicha, G'azoning aksariyat aholisi uy-joyini tashlab chiqqan, och-nahor, tibbiy yordamga muhtoj.

Isroil 1-yanvardan beri insonparvarlik yordami kelishini keskin cheklab, BMTga tegishli 20 yuk mashinasidan 17 tasini kiritmagan.

Arab va musulmon davlatlar gumanitar ko'makni oshirish uchun yo'lni ochishni va urushni to'xtatishni talab qilmoqda.