AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Afg'onistonga safari oldidan Bishkekda to'xtab, Afg'onistondagi harbiy harakatlarida muhim rol o'ynayotgan va bugungi kunda yirik tranzit markaziga aylangan "Manas" aviabazasini ko'zdan kechirdi.
Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambayev "Manas" 2014-yilda AQSh uchun ijara muddati bitgach, bitim yangilanmaydi deb ogohlantirmoqda.
Panetta bugun Bishkekda Atambayev bilan uchrashmagan, lekin Mudofaa vaziri Talaybek Omuraliyev va Mudofaa kengashi kotibi Busurmonqul Tabaldiyev bilan muloqot qilgan. Unda baza masalasi muhokama qilingani ma’lum. Biror yangi bitim yoki kelishuv haqida gap yo’q.
Amerika ungacha Afg'onistondan o'z qo'shinlarini olib chiqish niyatida ekan, "Manas" ijarasini uzaytirishga hojat qolmasligi mumkin.
Biroq Tabaldiyevning aytishicha, Qirg'iziston baza AQSh ixtiyorida qolishidan manfaatdor. Lekin u 2014-yildan keyin harbiy maqsadda ishlatilmasligi kerak.
Tabaldiyev Panetta bilan uchrashuvda "Manas" tijoriy tranzit bazasiga aylantirilsa, Qirg'iziston qarshi emas, deb aytgan.
"Manas" Rossiya, O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston va yana bir necha mamlakat orqali o'tuvchi Shimoliy ta'minot tizimining bir qismidir. Bu yo'nalish orqali xalqaro koalitsiyaga noharbiy yuk tashiladi, jumladan oziq-ovqat hamda Afg'onistonni tiklash uchun ishlatilayotgan qurilish materiallari.