Tinchlik korpusi Vyetnamda ish boshlaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obamaning Vyetnamga safari davomida bu o'lkada ilk bor Tinchlik korpusi vakillari ish boshlashi ma'lum bo'ldi.

Obama Vyetnam hukumatidan, asosan, ingliz tilini o'rgatish maqsadida Vyetnamda Tinchlik korpusi ishlashiga ruxsat berishini so'ragan va hukumat bunga rozi bo'lgan.

Tinchlik korpusi ikki yildan beri Vyetnamga kirishga urinib keladi. 2012-yil tashkilotning o'sha paytdagi rahbari Aron Uilyams mamlakatga uch kunlik tashrif bilan kelib, bu yerda dastur boshlash imkoniyatlarini o'rgangan edi.

"Tinchlik korpusi ilk bor Vyetnamga kelayotganidan juda mamnunman. Tashkilot ko'ngillilari ingliz tilini o'rgatishga asosiy e'tiborini qaratadi va odamlarimiz o'rnatadigan do'stlik bizni oldindagi kelajak uchun yanada yaqinlashtiradi", - dedi Obama Xanoydagi matbuot anjumanida.

Tinchlik korpusining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, tashkilot dasturni boshlash va kelishuvni imzolash masalasida allaqachon Vyetnam hukumati bilan ish boshlagan.

"Bu dastur davlatlarimizning kuchli va muntazam aloqalarini davom ettirish hamda odamlar o'rtasidagi munosabatlarni kuchaytirish imkoniyatini beradi", - dedi tashkilot rasmiylari.

Tinchlik korpusi ko'ngillilari 27 oy davomida, ta'lim sohasidan tashqari, qishloq xo'jaligi, jamoatchilik taraqqiyoti, atrof-muhit, sog'liq va yoshlar bilan ishlash yo'nalishlarida ham yordam beradi.