Filippinda hukumat jangari guruhlar ustidan g'alaba qozonib, ularni yer tishlatganini da'vo qilmoqda. Janubdagi Manavi shahridagi janglarda armiyaning qo'li baland kelgan.
Maute guruhi "Islomiy davlat" ga sodiq ekanini qayd etuvchi harakat bo'lib, u bilan kurashda 369 kishi o'lgan, 276 odam hibsga olingan. Hammasi terrorchilar, deya bildiradi xavfsizlik organlari.
200 ming aholiga ega Maravi tamoman vayron bo'lgan. Hokimiyatga ko'ra, shaharni qayta tiklash uchun millionlab dollar ajratiladi va sarmoya kiritiladi.
Maravi joylashgan Mindanao orolida 20 jangari to'da bor. 1960-yillardan beri ular turli shakllarda hukumat bilan olishib keladi. 120 ming odamning yostig'i qurigan.
Filippindan ekspert Eduardo Araral ularni jinoyatchi tizimlar deb ataydi. To'g'ri, deydi u, musulmon jangarilar nasroniylar va boshqa din vakillariga hujum qilib turadi lekin ularning maqsadi siyosiy emas, iqtisodiy. Shu bois, deydi u, bu to'dalarni terrorchi deb tamg'alab, maqsadga erishga olmaysiz. Maqsad ulardan qutulish bo'lsa, jinoiy javobgarlikka torting, adolat ta'minlansin va aybdorlar jazosini olsin.
"Islomiy davlat" ularni hamkor deb atab, o'zini kuchli qilib ko'rsatishga intilmoqda, deydi Araral, aslida Filippindagi jangarilarning ko'pi umrida o'zini ularga bilan teng ko'rmaydi. Hukumat ularni yoppasiga qirmoqchi. Bu noto'g'ri siyosat, deydi mutaxassis.
Moro ahli Mindanaodagi qashshoq musulmonlardir. Sulu dengizi bo'yida qadimdan yashab keladi. Katoliklar ularning mol-mulkini tortib olgani haqiqat, deydi Araral, bu yerda tenglik yo'q. Hukumat terrorchi deb atayotgan guruhlar aslida mana shu nochor aholidan chiqqan jangarilardir.
Mindanaoda 21 million odam kun kechiradi.
Filippin universitetidan professor Miriam Koronel-Ferrer tahlilicha, davlat terrorchilar ustidan g'alaba qozondi deb e'lon qilish ahmoqlikdir.
Jangarilar tahdidi arimaydi va yangi kuchlar paydo bo'laveradi, deydi olima, chunki hukumat norozi fuqarolar dardini tinglamayapti.
Jamoatchilik esa vaziyat normallashayotganidan xursand. Shahar va qishloqlar, butun orol qayta oyoqqa turadi, deydi faollar, muhimi tinchlik bo'lsin.
Filippin hukumati o'tmishda musulmon jangarilar bilan murosa qilishga uringan. Lekin hozirda siyosat harbiy kuchga asoslangan bo'lib, Prezident Rodrigo Duterte ularni birma-bir qirib tashlashni buyurgan, shuningdek, uyushgan jinoiy tizimlarning a'zolarini ham.
Abu Sayyof guruhi bilan kelishuvga erishilgan edi, ammo bugun u bilan ham to'qnashuvlar avjida. Harakat 400 ga yaqin a'zoga ega ekani ma'lum.