Pompeo: Eron generalini yo'q qilib, tahdidni kamaytirdik

  • Amerika Ovozi

Mayk Pompeo, AQSh davlat kotibi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eronning "Quds" maxsus kuchlari qo'mondoni general Qosim Sulaymoniyning Bag'dodda dron hujumida o'ldirilganini himoya qildi, ammo Sulaymoniy AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlari va rasmiylariga qarshi xuruj rejalagani haqidagi Amerika da'vosiga dalil keltirishdan bosh tortdi.

Pompeoning ABC telekompaniyasiga bergan intervyusida aytishicha, Sulaymoniyga qarshi hujumdan oldin razvedka ma'lumotlari bilan tanishib chiqqan AQSh siyosiy rahbarlarida uni yo'q qilish zaruratiga shubha qolmagan.

"Razvedka xulosalaridan Sulaymoniyga terror kampaniyasini rejalash va amalga oshirishni davom ettirishga imkon berish va bunga to'siq qo'ymaslik unga qarshi amalga oshirilgan harakatdan ko'ra kattaroq tahdid solishi oydin bo'ldi va biz bu tahdidni kamaytirdik", - dedi Pompeo.

Biroq Pompeo tahdid aynan nimadan iborat ekanini aytmadi.

"Ba'zi narsalarni jamoatchilikka oshkor eta olmaymiz. Bizga razvedka ma'lumotlarini uzatayotgan manbalarni himoya qilishimiz zarur", - dedi u.

Bu o'rtada Tehron 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimdagi majburiyatlarini cheklab, uranni cheklovsiz boyitishini bildirdi.

Har ikki mamlakat rahbarlari so'z urushini avj oldirmoqda. AQSh Prezidenti Donald Trampning "Twitter"da yozishicha, agar Eron AQSh manfaatlari yoki harbiylariga hujum qiladigan bo'lsa, Vashington Erondagi 52 ta obyektni uradi, jumladan madaniy obidalarni.

Jeneva konvensiyasiga ko'ra, raqib mamlakat madaniy obidalarini nishonga olish urush jinoyatiga kiradi. Pompeo qonun doirasida harakat qilamiz, biz uradigan har bir nishon qonuniy bo'ladi va bundan yagona maqsadimiz Amerika xalqini himoya qilish bo'ladi, dedi.

Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy va boshqa rahbarlari Eron Sulaymoniyning o'limi uchun qasos olishi haqida gapirdi. Xomeneiyning harbiy maslahatchisi brigada generali Husayn Dehqonning CNN telekompaniyasiga aytishicha, Eron qurolli kuchlarining javobi harbiy nishonlarga qaratilgan bo'ladi.

Bag'dodda o'ldirilgan general Sulaymoniyning jasadi Tehronga yetkazildi. Mamlakatda motam e'lon qilingan, ikkinchi yirik shahar Mashhadda bir millionga yaqin odam ko'chaga chiqqani aytiladi. Sulaymoniy 7-yanvar kuni ona shahri Kermonda dafn etiladi.

AQShda respublikachi qonunchilar Trampning Eron generalini o'ldirish haqidagi buyrug'ini qo'llab-quvvatlasa, demokratlar Tramp amaliyot uchun Kongressdan ruxsat olishi kerak edi, deydi. Muxolifatning xavotir olishicha, Sulaymoniyning o'limi AQSh-Eron urushiga yetaklashi mumkin.

"Rasmiylarni o'ldirib bo'lmaydi. Prezidentning Kongress ruxsatisiz mamlakatni urushga yetaklashga haqqi yo'q", - deydi senator Kris Van Xollen.

Ayrim tahlilchilarning taxmin qilishicha, Eron uch kunlik motam tugaganidan so'ng qasos olishga kirishishi mumkin.