Amerikada siyosatchilar, ayniqsa prezidentlikka nomzodlar o’z fikr-qarashlarini saylovchiga yetkazish uchun har qanday vositani ishga solishga tayyor.
“Newseum” - ommaviy axborot vositalari muzeyida ochilgan ko’rgazma bir asrlik tarixga, saylovlarni yoritish qanchalik o’zgarib borayotganiga nazar tashlaydi. Gazetalardan “Facebook” va “Twitter” gacha.
Masalan, 2008-yilda Demokratik partiyadan prezidentlikka da’vogar Barak Obama Pensilvaniya shtatida bouling o’ynashga kirganini hamma eslaydi.
Ana sizga reklama, deydi “Newseum” koordinatori Petti Rul.
"Obamani u yerga yuborishdan maqsad oddiy xalq orasidan chiqqanini ko’rsatish edi".
Prezidentlikka yana bir nomzod Xillari Klinton esa shu payt qo’shni Indiana shtatida qadah ko’targan.
1950-yillarda televideniye rivojlana boshlagani saylov kampaniyalarini o’zgartirib yubordi. 1960-yilda Jon Kennedi va Richard Nikson ilk bor teledebatda qatnashib, rahbarlikka kim munosib ekani haqida bahslashgan.
Bugungi zamonga qaytsak… prezident saylovlarini debatsiz tasavvur qilish qiyin.
Bundan tashqari nomzodlar raqiblarini yomonlab, ekranlarni salbiy reklamaga to’ldirmoqda.
Amaldagi siyosatni hajviya bilan aralashtirib, talqin qilib beradigan ko’rsatuvlar yoshlar orasida shuhrat qozonyapti.
Tarafdorlar bilan bog’lanish uchun bugun televideniye emas, internet muhimroq.
“Twitter” da yozishadi. “Facebook” da rasmlar. “YouTube” ga video lavhalar qo’yiladi.
Amerikada prezident har to’rt yilda saylanadi. Ko’rgazmaga ham shunday nom berilgan – “Har to’rt yil”.
Nomzodlar fuqaro bilan bog’lanish, matbuot esa buni yaxshiroq yoritish yo’llarini izlash bilan band. “Newseum” ko’rgazmani muntazam yangilab boradi.