Rik Santorum Alabama va Missisipida g'olib

  • Amerika Ovozi

Rik Santorum - Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da'vogar, sobiq senator

AQShda prezidentlikka respublikachi da'vogarlar kecha ikki shtatda saralash bosqichidan o'tdi. Kuzgi saylovlarda partiyadan yagona nomzod bo'lish uchun kurashayotgan to'rt arbob Alabama va Missisipida bellashib, har ikkisida sobiq senator Rik Santorum g'alaba qozondi.

Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich ikkinchi, Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni uchinchi va kongressmen Ron Pol so'nggi o'rinlarni egalladi. Ron Pol hali biror shtatda g'alaba qozonmagan.

G'olib Santorumning aytishicha, konservativ kuchlar demokratlardan nomzod prezident Barak Obamaga qarshi kurashda birlashishi lozim.

"Saylovda g'alaba qiladigan vaqt keldi. Barak Obamani har bir mavzu bo'yicha mag'lub qila oladigan konservativ nomzodni tanlash zarur", - deydi Santorum.

So'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, AQShda bugun saylovlar o'tkazilsa, Mitt Romni Obamani ikki foiz farq bilan dog'da qoldirishi, ammo Santorum amaldagi prezidentga uch foiz boy berishi mumkin.

Respublikachilardan nomzod avgust oyida partiyaning Floridadagi qurultoyida aniq bo'ladi.