Eron, Rossiya, Xitoydagi namoyishlar o'zgarish tarafdorlariga umid bag'ishlamoqda

  • Amerika Ovozi

Demokratik va avtoritar tuzumlarni o’rganuvchi tahlilchilarning ta’kidlashicha, yaqinda namoyishlar kuzatilgan Eron, Xitoy va Rossiya kabi mamlakatlarda avtoritar boshqaruv kuchli bo’lib, tuzum o’zgarishi uchun muayyan sharoitlar mavjud bo’lishi kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 3-yanvar, 2023-yil

Eronda hijobini to’g’ri kiymaganlikda ayblanib hibsga olingan 22 yashar Mahsa Aminiyning politsiya mahkamasida jon berishi mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlariga turtki berdi.

“Nazarimda, har bir eronlik o’z qizi, rafiqasi, opasi va singlisi ham shunday ahvolga tushib qolishini tasavvur qilib, junbushga kelgan”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Natasha Xol.

Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlarda mamlakat prezidenti Si Zinpinni iste’foga chaqiruvchi da’vatlar ham yangradi.

“Namoyishlar o’n millionlab, hatto yuz millionlab xitoyliklarning uylarida qamalib o’tirishiga sabab bo’lgan lokdaunlarga munosabat bo’ldi”, - deydi Stenford universitetidan Larri Daymond.

Rossiyada 2021-yilda muxolifatchi Aleksey Navalniy hibsga olinishi ketidan minglab odam ko’chaga chiqqaniga qaramay hozir norozilik kayfiyati u qadar ochiq emas. Rossiyaning Ukrainadagi urushini hamma ham qo’llab-quvvatlagani yo’q.

“Jiddiy namoyishlar Ukraina bosib olinganidan so’ng va yoz oxirida safarbarlik e’lon qilinganidan keyin kuzatilgan”, - deydi Shimoliy Karolina universitetidan siyosatshunos Grem Robertson.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Eron, Xitoy va Rossiyada hukumatlar namoyishchilar talablariga quloq solgan ko’rinadi. Masalan, Xitoyda ommaviy chiqishlardan keyin COVID cheklovlari yumshatildi.

Avtoritar tuzumlar yemirilishi uchun norozilik harakati qanday bo’lishi kerak? Ba’zi tahlilchilar nazarida, masalan, Rossiyada elita orasida bo’linish Putinning hokimiyatdan ketishiga sabab bo’lishi mumkin.

“Katta rahbar ketganidan so’ng o’zlari uchun kelajak borligini ko’rgan amaldorlar ko’chadagi namoyishchilarga qo’shilish haqida o’ylanib qolishi mumkin. Ular namoyishchilarga qarshi turmasligini bildirishi, bu esa ko’proq odamlarning ko’chaga chiqishiga turtki berishi mumkin”, - deydi Robertson.

Eronda ommaviy ish tashlashlar bo’lganiga qaramay, xavfsizlik kuchlari hozircha namoyishchilar tarafiga o‘tgani yo’q.

“Inqilobga lider kerak, tuzum ag’darilganidan keyin odamlarni birlashitiruvchi omil bo’lishi kerak, tuzum vakillariga vaziyatdan chiqishga imkon berish lozim”, - deydi Xol.

Tahlilchilar nazarida, mamlakatdagi iqtisodiy tanazzul namoyishchilarga qo’l kelishi mumkin yoki ular taktikasini o’zgartirib, o’zgarishlarni yillab kutishga majbur bo’ladi. Ekspertlar namoyishlar nozo’ravon bo’lishi, texnologiyalar tuzumnikiga qaraganda ilg’orroq bo’lishi kerakligiga urg’u beradi.

“Zo’ravon harakatdan ko’ra nozo’ravon harakatni mamlakat ichida ham, tashqarisida ham qo’llab-quvvatlovchilar ko’p bo’ladi”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Maykl Miller.

Norozilik harakatlari rejimlarning qulashiga olib kelmasa-da, deydi ekspertlar, ularning borligi umid bag’ishlaydi.

“Umid namoyishlardagi chaqiriqlar, da’vatlarda. Rejimlar xalqning keng va qat’iy xayrixohligisiz qolganini ko’rsatadi bu”, - deydi Daymond.

Xalq xayrixohligisiz esa, deydi ekspertlar, tuzum qonuniyligini yo’qotadi.