Mahalliy tahlilchilar tomonidan tarixiy deb ta’riflanayotgan uchrashuvlarda Qirg’izistonning katta qarzidan kechish, shuningdek, Rossiya harbiy bazasi maqomini belgilash hamda yirik energetik inshootlar qurilishi muhokama qilindi.
“Rossiya Qirg’izistonning strategik hamkori”, “Moskva Qirg’izistonning integratsion jarayonlarga kirishini qo’llab-quvvatlashga tayyor”... Bugun Bishkekda shunday iboralar yangradi. Prezidentlar Vladimir Putin va Almazbek Atambayev muzokara ketidan hamkorlikning yangi sahifasi ochilmoqda deya bong urdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Rossiya Qirg’izistonning strategik hamkori”, “Moskva Qirg’izistonning integratsion jarayonlarga kirishini qo’llab-quvvatlashga tayyor”... Bugun Bishkekda shunday iboralar yangradi. Prezidentlar Vladimir Putin va Almazbek Atambayev muzokara ketidan hamkorlikning yangi sahifasi ochilmoqda deya bong urdi.
Rossiya va Qirg’iziston yirik Qambar-Ota-1 GESi hamda Yuqori Norin gidrostansiyalar turkumini barpo etish borasida bitimni imzoladi.
Shuningdek, Qirg’izistonda Rossiyaning birlashgan harbiy bazasi maqomi borasidagi bitimga qo’l qo’yildi. Ushbu hujjat uning mamlakatda ko’p yillarga qolishi uchun imkon beradi.
Kreml Bishkekning 489 million dollarga teng qarzidan kechdi.
Mutaxassislar birgina Qambar-Ota GES’iga bir necha milliard dollarlik sarmoya kiritilishini aytishadi.
Bishkekdan tahlilchi, Qirg’izistonning sobiq davlat kotibi Ishenboy Abdrazoqov deydiki, ko’p yillardan beri ko’rilib kelayotgan masalalarga qandaydir yechim topildi.
“Agar imzolangan loyihalar paysalga solinmay amalga oshirilsa, bu albatta Qirg’iziston iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi”, - deydi u.
Rossiyaning harbiy obyektlariga kelsak, so’z to’rt inshoot, jumladan Issiq-Ko’ldagi harbiy dengiz qurollarini sinash punkti va Moyli-Suv shahridagi radiotexnika inshooti haqida ketayotir. Endi ular birlashgan harbiy baza tarkibiga kiradi.
Yangi bitim ushbu baza maqomini aniqlashtiradi. Uning Qirg’izistonda qolish muddati yana 15 yilga cho’ziladi. Tomonlar qarshi bo’lmagan holda muddat uzaytirilaveradi.
Bishekdan yana bir ekspert, iste’fodagi polkovnik Leonid Bondarets aytishicha, Qirg’izistonda Rossiya qator inshootlarga ega.
“Ularni alohida-alohida boshqarish murakkab narsa. Shu bois Rossiya uchun birlashgan yagona baza bo’lgani maqsadga muvofiq. Qirg’izistonning strategik hamkori bo’lmish Rossiya qurolli kuchlarining bu yerda bo’lishi o’lka xavfsizligi hamda uning boshqa manfaatlariga ham javob beradi”, - deydi polkovnik Bondarets.
Imzolangan loyihalar yirik sarmoyalar keltirishi, minglab ish o’rinlari vujudga kelishi mumkin.
Qo’shni mamlakatlar mintaqada yirik gidrotexnik inshootlar, ulkan suv tug’onlari qurilishi oqibatlaridan tashvish bildirib keladi.
Bishkekdan diplomat Ishenboy Abdrazaqov nazarida, ularga ham yechim topish mumkin.
“Birinchidan, loyihalarning to’la amalga oshirilishiga ancha vaqt kerak bo’ladi. Aminmanki, quyi oqimda joylashgan hududlarni suv bilan ta’minlash masalalarini yechish mumkin. Axir sug’orish amaliyoti mavsumiy narsa va kerakli hujjatlar imzolangan taqdirda muammo bo’lmasligi kerak”, - deydi suhbatdosh.
Aytish joizki, Bishkekdagi matbuot anjumani paytida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qambar-Ota-1 gidrostansiyasi qurilishi boshlanishi muddatini hech kim aniq ayta olmasligini bildirdi.
“Ammo ushbu inshoot albatta qurib bitkaziladi”, - dedi Rossiya prezidenti.