Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, ukrain qo’shinlarining Kurskga hujumi Kremlning qizil chiqizlar va qattiq javob choralari haqidagi tahdidlarining po’k ekanini ko’rsatdi. Zelenskiy Ukrainaning G’arbdagi ittifoqchilarini xorijiy qurollarni qo’llashga doir cheklovlarni yumshatishga chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
6-avgust kuni Rossiyaning chegaradagi viloyatiga kutilmaganda hujum qilgan Ukraina hududda mahkam o’rnashishga, kattaroq yerlarni ishg’ol qilishga urinmoqda.
Kiyev bu bilan bufer zona yaratmoqchi ekanini ta’kidlaydi.
Zelenskiy Ukrainaga uzoq masofali raketalarini bergan, ammo Rossiyaning ichkaridagi hududlariga qarshi qo’llashni man qilgan mamlakatlarni Prezident Vladimir Putinning qizil chiqizlaridan qo’rqmaslikka da’vat etdi.
"Jiddiy mafkuraviy o’zgarishga guvoh bo’lyapmiz. Ayrim hamkorlarimizning urushga bergan bahosida qizil chiqizlar deb nomlanuvchi Rossiya bilan bog’liq sodda, xayoliy tushuncha shu kunlarda chilparchin bo’lmoqda”, - dedi Zelenskiy.
Unga ko’ra, bu urushda g’alaba dovyuraklikni talab qiladi, jumladan hamkorlardan.
Ukraina qo’shinlarini Rossiya hududiga kiritgani bilan frontning boshqa chiziqlarida chekinishda, hududlarini boy berishda davom etmoqda. Donetsk viloyatida joylashgan Pokrovsk shahridan aholini evakuatsiya qilish buyurilgan.
AQShning “The Hill” tahliliy nashri frontning shiddatli janglar kechayotgan qismlaridan qo’shinlarni olib, Kurskga yo’naltirishni katta strategik xato deb atadi, bu ukrain yerlarini ozod etishga qaratilgan harakatlarga pand berishini bildirdi.
Biroq ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Kiyev Kurskni ruslar nazoratidagi hududlariga almashishni rejalamoqda. Bir manbaga ko’ra, Ukraina vositachilar orqali shunday taklif bilan Moskvaga chiqmoqchi.
Xitoy va Hindiston vositachilar rolini o’ynashi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Xususan 23-avgust kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bir necha soatga Ukrainada bo’lishi kutilmoqda.
Bu Rossiya bilan do’stona aloqalarga ega mamlakat rahbarining urush boshidan beri Ukrainaga ilk safari bo’ladi.
Xitoy Bosh vaziri Li Tsyanni esa shu hafta Rossiya va Belarusda kutishyapti.