Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning juma kuni aytishicha, Ukrainada tinchlik bo’lishi uchun Kiyev Rossiya tarkibiga qo’shib olingan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Zaporojye va Xerson viloyatlaridan qo’shinlarini olib chiqishi, NATOga qo’shilish rejasidan voz kechishi, G’arb davlatlari esa Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilib, Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishi kerak.
Your browser doesn’t support HTML5
Rus qo'shinlari ayni paytda Xarkov va Sumi yo’nalishlarida ham jang qilmoqda.
"Agar Kiyev va G’arb davlatlari bu taklifni oldingilari kabi rad etsa, bundan keyingi qon to’kilishlariga siyosiy va ma’naviy javobgarlik ularning zimmasida bo’ladi. Biz mojaroni muzlatish yoki otashkesim haqida gapirayotganimiz yo’q”, - dedi Putin.
Unga ko’ra, Rossiyaning hozirgi talablari qabul qilinmasa, Ukraina jang maydonida katta talafotlarga uchrayotganini hisobga olib, bo’lajak talablar bundan ham qattiqroq bo’ladi.
"G’arb Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini o’zlashtirishning yuridik yo’llarini qidirimoqda. Ammo o’g’rilik o’g’riligicha qoladi. Buni jazosiz qoldirmaymiz”, - dedi Putin.
Rossiya rahbari Zelenskiyning prezidentlik muddati tugaganini, qonuniy hokimiyat Oliy Rada qo’lida ekanini aytdi.
Ukraina prezidentining yordamchisi Mixaylo Podolyak Putinning talablari Ukrainaga to’g’ri kelmasligini bildirdi.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, Putin bunday talablar qo’yish imkoniyatiga ega emas, tinchlik bo’lishi uchun Rossiya barcha qo’shinlarini Ukrainadan olib chiqishi kerak.
"Katta Yettilik" Ukrainani qo'llab-quvvatlashda davom etadi
“Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar rahbarlari Italiyadagi sammitning birinchi kunida Ukrainaga 50 milliard dollar miqdorida kredit ajratishga kelishib oldi. Kiyevga berilayotgan qarz Rossiyaning G’arbdagi muzlatilgan mulkidan olinayotgan foizlar hisobiga uziladi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden sammitga taklif etilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan 10 yilga mo’ljallangan ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvini imzoladi.
“Ushbu qadamlarimiz Ukraina g’alabasini, Rossiya g’alaba qozonmasligini ta’minlashga qaratilgan”, - dedi Bayden.
Rossiyaning 280 milliard dollarga teng muzlatilgan mulkidan yiliga taxminan uch milliard dollar foyda ko’rilmoqda.
Zelenskiy xavfsizlik bitimi imzolanishini olqishladi.
“Kelishuvda NATOga a’zolik masalasi tilga olingan, Amerika Ukrainaning kelajakda NATOga a’zo bo’lishini quvvatlashi ta’kidlanadi”, - dedi u.
Hafta boshida Qo’shma Shtatlar Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga yordam berayotgan kompaniyalar, xususan Rossiyaga qurol tayyorlashda muhim hisoblangan yarimo’tkazgichlar ishlab chiqaruvchi Xitoy kompaniyalarini qo’ra ro’yxatga qo’shdi.
15-16 iyun kunlari Shveysariyada Ukrainadagi urushni to’xtatishga qaratilgan tinchlik anjumani bo’lib o’tadi. Biroq Xitoy va Rossiya ishtirokisiz ayrim kuzatuvchilar tadbirdan foyda bo’lmasligini aytadi.
Anjumanda Yevropa rahbarlari, AQSh vitse-prezidenti qatnashadi, Vengriya va Turkiyadan tashqi ishlar vazirlari bo’ladi, Hindiston vakillarini yuborishi kutilmoqda.
Tadbirda hududiy masalalar ko’rilmaydi; oziq-ovqat va yadroviy xavfsizlik, dengizda harakatlanish erkinligi, asirlarni ayirboshlash kabilar muhokama etiladi.
“Katta Yettilik” sammiti bilan bir paytda Bryusselda NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari ham majlis qildi.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, alyans Ukrainaga qurol uzatish, ukrainalik harbiylarni tayyorlash masalasida muvofiqlashtirishni o’z zimmasiga oladi. Ayni paytda davlatlar bu ishni mustaqil ravishda amalga oshirmoqda.
Seul: Shimoliy Koreya Rossiyaga snaryadlar bilan yordam bermoqda
Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Shin Von Sik qo’shni Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol-yarog’ bilan yordam berayotganini, shu kungacha salkam besh million dona artilleriya snaryadlari va o’nlab ballistik raketalar uzatganini bildirdi. Unga ko’ra, Pxenyan Rossiyaga kamida 10 mingta konteyner jo’natgan va Putinning yaqin kunlarda bu mamlakatga tashrifi chog’ida qo’shimcha yordam xususida kelishilishi mumkin.
Buning evaziga, deydi Janubiy Koreya mudofaa vaziri, Moskva Pxenyanga josus sun’iy yo’ldoshlarini uchirishda hamda tank va samolyot kabi harbiy texnika ishlab chiqarishda zarur texnologiya uzatmoqda.
“Putinning Shimoliy Koreyaga tashrifi chog’ida xavfsizlik va mudofaa bobidagi hamkorlik bo’yicha aloqalar rasmiylashtiriladi deb o’ylayman”, - deydi Avstraliyaning Kertin universiteti professori Aleksey Muravyov.