Rossiya tojik-afg'on chegarasida o'z nazoratini mustahkamlamoqchi

  • Amerika Ovozi

Ulyanovsk, 1-avgust, 2012

Vladimir Putin Amerikaning Afg’onistonda olib borayotgan urushini yillar davomida tanqid qilib keldi. Endi esa AQSh u yerni tark etmasin, deydi. Shuningdek, Kreml bu borada o’z rejasiga ega.

O’tgan hafta Rossiya prezidenti Ulyanovskka bordi. Yaqindan beri bu yerdagi aerodrom orqali Afg’onistonga yuk tashilmoqda. 1980-yillarda bu inshoot Sovet Ittifoqining afg’on zaminidagi urushida muhim rol o’ynagan.

Ulyanovsk Vladimir Lenin tug’ilgan maskan ekan, kommunistlar NATO bilan hamkorlikdan norozi. Kreml aqldan ozgan, deydi ular.

Putin afg’on urushi faxriylari bilan uchrashib, ularning fikrini tingladi.

Prezident fikricha, Rossiya Afg’onistondagi urushga aralashmasligi kerak va aralashmaydi ham. Biror harbiy u yerga bormaydi. Urushni G’arb, ya’ni NATO boshlagan, demak uni tugatish ham NATO bo’ynida, deydi Putin.

Aleksey Malashenko, Moskvadagi Karnegi ilmiy tahlil markazi xodimi, nazarida bu gaplar aslida aynan Rossiya xalqiga qaratilgan.

“Putin Rossiya armiyasi va jamiyatining ruhini ko’tarmoqchi, “biz G’arbdan aqlliroqmiz” deya ishontirmoqchi. “Ular urushni eplolmadi, biz yordam berayapmiz, lekin ularning ustidan kulishga haqqimiz bor” degandek. “Biz qilgan xatoni ular ham takrorladi” degandek.

Lekin Rossiya rahbari shuni ham yaxshi biladiki, xalqaro koalitsiya Afg’onistonni tark eta boshlagan. Jumladan Belgiya. Amerika joriy yil oxirigacha qo’shinning uchdan bir qismini chiqarib bo’ladi.

Bunga javoban Rossiya Qirg’iziston va Tojikistondagi harbiy bazalar kelajagini ta'minlash uchun muzokaralar boshlagan. Maqsad, Rossiya ta’sir kuchini saqlab qolish, uni yanada mustahkamlash.

Islomiy fundamentalizm shimol tomon tarqalishiga yo’l qo’ya olmaymiz, deydi rus rasmiylari. Qirg’izistonda, hukumatning bildirishicha, kamida 1500 mahalliy jangari bor. Yaqinda Tojikiston hukumati qurolli to’dalar bilan jang qilganida 50 kishi o’ldi. Rahbariyat qo’shni Afg’onistondan 400 dan ortiq ekstremist o’tgan deydi.



Rossiya ayni damda bu respublikada 6000 askarga ega. Chet eldagi eng yirik qo’shin.

Andrey Kazantsev, Moskvadan yana bir tahlilchi, deydiki, Kreml afg’on-tojik chegarasini butunlay o’z nazoratiga olmoqchi.

“Rossiya Afg’onistondagi tojiklarni quvvatlashga bel bog’lagan va shu yo’l bilan bu notinch mamlakatda o’z ta’sir kuchini oshirmoqchi”.

Afg’onistonda tojiklar Tojikistonga qaraganda ikki baravar ko’p, taxminan 11 million, aholining 30 foizga yaqini.

Tolibonga qarshi kurashgan va asosan tojiklar boshqargan Shimoliy Alyans Rossiyaga tayangan.