AQSh va Rossiya raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatish masalasida bir to’xtamga kela olmayapti. Rossiya azaldan tizimni o’z xavfsizligiga tahdid deb biladi. Barak Obama rejaga bir oz o’zgartirish kiritgan.
Raketani urib tushiradigan moslamalarni Polsha va Chexiyada joylashtirish loyihasi Jorj Bush prezidentligi davrida ishlab chiqilgan edi. Obama hokimiyatga kelgach, loyiha o'zgartirilgan.
“Yangi rejaga muvofiq, moslamalar Amerika harbiy kemalarida, shuningdek, Polsha va Ruminiyada o’rnatiladi”, - deydi qurollar bo’yicha ekspert Jozef Sirinsione.
Rossiya bundan mamnun emas. AQSh uni loyiha bo’yicha hamkorlikka qanchalik da’vat etmasin, Kreml unamayapti.
“Sabab”, - deydi olim, “Rossiya AQSh strategik qurollari uning chegarasiga yaqinlashishini istamaydi. Afg’oniston va Iroqda Amerika bazalari bor, O’zbekiston va boshqa respublikalar bilan tranzit kelishuvlari mavjud. Rossiya o’zini qurshovda his etishi tabiiy”.
Rossiya va Xitoy boshliq Shanxay Hamkorlik Tashkiloti nazarida AQSh rejalagan mudofaa tizimini “xalqaro xavfsizlikka tahdid”. Tashkilotga Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston ham a'zo.
STRATFOR strategik tahlil markazi eksperti Marko Papich izohicha, Xitoy ham qarshi ekani muhim ahamiyat kasb etadi.
“Rasmiy Pekinni tashvishga solayotgan narsa Yevropa xavfsizligi emas albatta, balki AQSh mudofaa sistemasini kelajakda uning chegarasiga ham olib kelishidir”, - deydi Papich.
Bugun Vashington-Kreml aloqalarini 3-4 yil oldingi davrga qiyoslaganda, a’lo desa bo’ladi. Biroq mudofaa masalalariga kelganda, dushmanlik hissi o’rtadan ketmagan.