Omar Hernandez Kubada sotsializm qurilishiga hissa qo’shmagan. 1963-yilda, Inqilobdan to’rt yil o’tib tug’ilgan. Ota-onasi hokimiyatdan quvilgan diktator Fulxensio Batista tarafdorlari bo’lgan.
Biroq u Rossiya ta’sirida o’sib ulg’aydi: rus klassik adabiyoti, sovet multfilmlari, badiiy filmlar va Sovet Ittifoqidan Kubaga “import” qilingan g’oyalar…
“Uyimiz kubaliklar emas, rossiyaliklar uyiga o’xshardi: televizor, xolodilknik, hamma narsa Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan edi”, - deydi Hernandez.
Kubada sovet odamlari ham ko’p edi. Ular zavod va fabrikalar qurgan, orol iqtisodini markazlashgan ma’muriy tizimga aylantirishda ko’maklashgan. Sovet propagandasi ikki sotsialist davlat o‘rtasidagi do’stlik haqida bong urgan.
Ammo Sovet Ittifoqi Kubaga iqtisodiy xatolar va siyosiy repressiyalarni ham olib keldi. 1960-yildan keyin sovetlar ta’siridan qochgan kubaliklar ko’paydi. Ko’plar xavf-xatarga qaramay, AQShga ketdi.
Kubalik amerikaliklar SSSRning orolga ta’sirini yaxshi eslaydi: siyosiy repressiyalardan tortib, Gavanada qad ko’targan xunuk imoratlar-u ko’rimsiz avtomobillargacha…
“Ozodlik oroli”ga beriladigan yordamning katta qismi harbiy texnikadan iborat edi, bu 1962-yilda dunyoni yadroviy urush yoqasiga olib keldi.
Endi esa kubaliklar AQSh Prezidenti Barak Obamani qo’l ochib kutib oldi – xuddi bundan bir necha o’n yillar avval sovet xalqi Fidel Kastroni Qizil maydonda kutib olganidek.
Kuba inqilobchisi Che Gevara Moskvada yashagan, kosmonavt Yuriy Gagarin bilan birgalikda Rus-Kuba do’stligi jamiyatiga asos solgan.
1962-yilda Muslim Magomaev ijro etgan “Kuba - lyubov moya” qo’shig’i mashhur bo’lib ketdi. O’shanda sovet ahli uchun “Ozodlik oroli”ning inqilobchilari haqiqiy qahramonlar edi, deydi jurnalist Konstantin von Eggert.
“Biz uchun Kuba ob-havosi iliq, musiqasi zo’r, odamlari bizga qaraganda ideallarga ko’proq ishonadigan bir o’lka edi”, - deydi u.
“Boshiga beretka kiygan Che Gevara va boshqa inqilobchilar adolatli tizim, adolatli jamiyat bunyod etish uchun kurashgani Nikita Xrushchev davridagi sotsializm ezgu, romantik va buyuk g’oya ekaniga ishonchni kuchaytirardi”, - deydi jurnalist.
Fidel Kastroning dissidentlarga qarshi siyosati Sovet Ittifoqidagi ommaviy repressiyalar va aholi orasidagi qo’rquvdan farq qilardi. Biroq aynan erkinlikning cheklanishi Gavanada Rossiya teatrini o’rgangan yozuvchi va dramaturg Omar Hernandezni 1990-yillarda oroldan quvdi.
Haqiqatni gapirish xavfli edi, deydi u. Hernandezning bir qancha do’stlari erkin fikr bildirgani uchun qamalgan. O’zi yangi hayot boshlamoqchi bo’ldi – avval Ispaniyada, so’ngra Rossiyada.
Sovet Ittifoqining parchalanishi Kuba bilan aloqalarni tubdan o’zgartirdi.
Iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz tutgan Kreml Kastro hukumatiga bir necha o’n yillar davomida berib turgan subsidiyalarni to’xtatdi. Moskva va Gavana orasiga sovuqlik tushdi.
Prezident Vladimir Putin vaziyatni o’zgartirish niyatida 2014-yilda Kubaga bordi, 32 milliard dollarga teng qarzning katta qismini bekor qildi. Hamkorlikning yangi davri boshlanayotgani haqida bayonotlar berildi.
Lekin va’dalar amalga oshmayapti, deydi Rossiya Fanlar akademiyasining Lotin Amerika bo’limi rahbari Vladimir Davidov.
"Rossiya iqtisodi qiyin ahvolda ekani sir emas. Lotin Amerikasi va Kuba bilan savdo hajmi ancha kamaygan, - deydi u. - Kubaning boshqa mamlakatlar bilan aloqalari chuqurlashar ekan, orol bilan biznes yuritish uchun raqobat ham oshmoqda. Rossiya kompaniyalari raqobatbardosh", - deydi Davidov.
Kreml Obamaning Gavanaga tashrifini ijobiy baholadi. “Kubalik do’stlarimizning barcha qo’shni davlatlar, shu jumladan AQSh bilan yaxshi aloqaga ega bo’lishi tarafdorimiz”, - dedi prezident so’zlovchisi Dmitriy Peskov.
Vashington va Gavana o’rtasidagi aloqalar yaxshilanar ekan, ayrimlar bu Moskva uchun zarba, deydi.
Biroq jurnalist Konstantin von Eggert fikricha, Kuba Rossiyaniki edi deb gapirish to’g’ri emas. Kuba va Rossiya tarix taqozosi bilan bir-biriga bog’lanib qolgan edi, - deydi u.