Rossiya Ukraina chegarasidan 10 ming qo'shini orqaga qaytarishni e'lon qilgani G'arbdagi xavotirlarni pasaytirmagan. Prezident Vladimir Putin AQSh va NATO bilan muzokaraga tayyor ekanini bildirgan.
Rossiya qo'shni davlat yaqiniga 100 mingdan oshiq harbiy safarbar etgani Kreml NATOga qarshi keskin qadamlar tashlashga shay ekanidan dalolat deb baholangan.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko'ra, muzokara kechadigan bo'lsa, unda Rossiya generallari va mudofaa rasmiylari ham qatnasishi kerak.
Moskva muloqot yangi yilda bo'ladi degan umidda va ammo shartlar ustida hali kelishilmagan.
Rossiya NATOning sharq tomon kengaymasligini talab qilmoqda. Shimoliy Atlantika harbiy alyansi, Kremlga ko'ra, Boltiqbo'yi davlatlari hamda Markaziy Yevropa mamlakatlaridagi harbiy kuchlarni kamaytirishi lozim. Ukraina va Gruziya bu blokka kirmasligi kerak.
AQSh va NATO barqarorlikni saqlash uchun Moskva bilan gaplashadi, deydi diplomatlar, ammo Rossiyaning hozirgi shartlari qabul qilinmaydi. Avvalo Rossiya Ukraina chegarasidan qo'shinlarini olib ketishi lozim, deydi Davlat kotibi muovini Karen Donfrid.
“Rossiya bilan har qanday dialog NATO va boshqalarning Rossiya harakatlari yuzasidan xavotirlarini ham hisobga olishi kerak. Bu harakatlar Yevropa xavfsizligiga keskin tahdiddir. Biz bu holatda murosa qilmaymiz. Har bir davlat o'z tashqi siyosatini o'zi belgilaydi, biror tashqi kuchning aralashuvisiz", - deydi Donfrid.
AQSh va NATO pozitsiyasi shuki, Rossiyaning Ukraina va Gruziya yoki boshqa biror davlatdan qay tashkilot yoki ittifoqqa kirish-kirmasligini talab qilishga haqqi yo'q.
Shartlar qabul qilinmasa, Rossiya Ukrainaga hujum qilib, uni bosib olishi mumkin, degan qo'rqinch kuchaygan. 2014-yilda Rossiya o'xshash tahdidlar ostida Qrimni, keyinchalik esa Donbass mintaqasining katta qismini egallagan.
Putin Ukraina bilan chegara hududiga yuborilgan qo'shinning atigi 10 foizini qaytarmoqchi. Bu harbiylar aslida mashq uchun borgan, deydi u. Kreml rasmiylari deydiki, Rossiya o'z tinchligiga raxna solayotgan kuchlarga munosib javob berishga tayyor turishi lozim.
G'arb mudofaa tahlilchilariga ko'ra, Rossiya uncha muhim bo'lmagan janubdagi harbiylarni chiqarayotgani ahamiyatga molik. Ukrainaning shimoli va shimoli-sharqiy hududidagi kuchlar esa siljimagan. Rossiya qo'shnisiga aynan shu hududlardan zarba berishi mumkin.
G'arb bir tomondan bunday qadamlarga jim qarab turolmaydi, ikkinchi tomondan esa Kreml bilan qanday oldi-berdi qilishni ham o'ylash kerak. Putin nafaqat qo'rqitmoqchi, balki urush ochishga ham shayligini eslatib turibdi, deydi diplomatlar.
Yillik matbuot anjumanida Putin G'arbni aggressiyada ayblagan, ammo yanvar oyida tinchlik muzokaralari boshlanishiga umid bildirgan. Ammo Kremlning qayd etishicha, shartlar bajarilmasa, kuch ishlatiladi.
NATOning Ukraina yoki sobiq ittifoqdagi biror boshqa davlatga kengayishi "biz uchun hayot-mamot masalasi", deydi Dmitriy Peskov, Putinning matbuot kotibi. Yangi raketalar bekorga sinalmayapti, deya qo'shadi u.
Peskov deydiki, Kreml biror muddatni belgilamagan, ammo G'arb 2022-yilning birinchi oyida harakat qilib, til topishishga urinmasa, keyin kech bo'ladi. Lekin Putin jurnalistlar bilan suhbatda G'arbni darhol javob berishga, shartlarni bajarib, masalani hal etishga chaqirgan.
Amerika ekspertlari hozirgi olishuvni Yevropa xavfsizlik tizimini o'zgartiruvchi jarayon deb qaramoqda.
"Qanday qaror qilingani yangi bir zamonni boshlaydi", - deydi Endryu Marshall, Atlantika kengashi olimi.
"AQSh oldida ikki yo'l: biri - ittifoqchilar bilan bir yoqadan bosh chiqarib, Rossiya bilan kelishish, ammo avtoritar tizimlarning qurolli tahdidlariga bosh egmaslik. Ikkinchisi esa bu ishni eplolmaslik, Atlantika okeanining narigi tomonidagi do'stlarga yordamlashmay, zaif harakat qilish".
Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi rasmiylari esa Bayden ma'muriyati ittifoqchilarni va sheriklarni tashlab qo'ymasligini, xavfsizlikni ta'minlash birlamchi vazifa ekanini ta'kidlamoqda.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba fikricha, Kreml va G'arb orasidagi har qanday muzokarada uning davlati qatnashishi zarur.
AQSh, Yevropa Ittifoqi va NATO Rossiya bilan gaplashsin, agar masala urushning oldini olish bo'lsa, Rossiyani Ukrainaga hujum qilishdan to'xtatish bo'lsa", - deydi Kuleba.
"Ukraina haqidagi qarorlar Ukrainasiz qilinmasligi kerak. Yevropa xavfsizligini Yevropasiz muhokama qila olmaysiz".