Muxolifat tan oladimi yo’qmi, Vladimir Putin may oyidan boshlab prezidentlikka kirishadi. Qishbo’yi norozilik namoyishi qilgan fuqarolar astalik bilan tarqayotgandek.
Moskvadagi muxbirimiz Jeyms Brukning xabar berishicha, oxirgi mitinglarda ularning safi sezilarli darajada siyraklashgan. Xo’sh, oppozitsiya bu yog’iga nima qilmoqchi?
Ksenya Sobchak, muxolifat liderlaridan biriga aylangan teleyulduz, Moskvadagi mitingda so’zlar ekan, urg’uni shunga berdi. Xalq uyg’ongani, deydi u, oppozitsya uchun ayni muddao.
“Nimaga qarshi ekanimiz ayon. Nimani talab qilayotganimizni ko’rsata olishimiz kerak. Adliya isloh qilinsin, axborot vositalari mustaqil bo’lsin, tuzum tubdan yangilansin, jamiyat erkinlashsin. Mana shuni tushuntirib bera olmasak, unda hech narsaga erisha olmaymiz”,- deydi Sobchak.
Siyosiy faol Andrey Xoroshilov nazarida bu tabiiy bir jarayon. Jamoatchilik bir g’oya ostida birlashmoqda.
“Saylovni kuzatganlar, siyosatdan norozi fuqarolar o’z partiyasiga asos solmoqda. Odamlar o’z fikrini ochiq bildira boshlagan”,- deydi u.
Asya Shvidkova, 20 yoshli talaba, universitetdagi o’zgarishlar haqida gapiradi. Yoshlarning siyosatga qiziqishi ortgan, deydi.
Sergey Udaltsov, “So’l Qanot” harakati yetakchisi Putinning inauguratsiyasi oldidan 1 million kishilik namoyish o’tkazishga chaqirmoqda.
Lekin ko’plab muxolifatchilar Udaltsovni quvvatlamayapti.
Maqsad inqilob emas, islohot, deydi ular. Bu bilan oppozitsiya o’rta sinf vakillarini o’ziga qaratmoqchi.
Ko’pchilik keskin o’zgarishlardan qo’rqadi, muammolarga qarshi astalik bilan kurash olib borish tarafdori, deydi Ksenya Sobchak singari liderlarga ergashayotgan fuqarolar.