Rossiyada internet inqilob?

  • Jafet Viks

Rossiyada internet inqilob?

O’tgan hafta Rossiyaning turli shaharlarida bo’lib o’tgan namoyishlarni tashkillashtirishda internet muhim rol o’ynagan.

V Kontakte singari ommabop sahifalar el orasida mashhur. Aholining 40 foizi global tarmoqdan foydalanadi.

Danila Lindel o’tgan hafta Kremlning shundoq qarshisida turib, markazda nimalar bo’layotgani haqida Twitter tarmog’i orqali tanish-bilishlariga xabar berdi.

23 yoshli faolning qo’lida karnay emas, iPad – internetga ulanish uchun.

“Internetsiz bunday aksiya o’tishini tasavvur qilish qiyin, - deydi u, - chunki televideniyeda namoyishlar haqida hech narsa deyishmayapti. Lekin Twitter, Facebook va V Kontakte orqali hammasini bilib olasiz”.

4-dekabr parlament saylovlaridan so’ng YouTube video sahifasida qonunbuzarliklar haqida materiallar paydo bo’la boshladi. Byulleten qutilariga oldindan to’ldirilgan varaqalar tiqilayotgani tushirilgan videolarni ko’rish mumkin. Davlat axborot vositalari esa jim.

Rossiyada internet inqilob?

22 yoshli Denis Kandrotenko – student. Saylovlarni kuzatib, qallobliklarga guvoh bo’lgan. Televideniye va internetda berilayotgan ma’lumot o’rtasida farq katta, deydi u.

“Hukmron partiya - “Yedinaya Rossiya” qancha ovoz olganini bilaman. Uncha ko’p emas. Odamlar erkin va adolatli saylov talab qilib ko’chaga chiqdi. Televideniyeda esa g’irt propaganda”, - deydi namoyishchi.

Yandeks qidiruv xizmatiga ko’ra, Rossiyada Twitterdan foydalanuvchilar soni bir milliondan oshiq. Bu o’tgan yilga qaraganda besh baravar ko’p.

Davlat matbuoti norozilik aksiyalari qatnashchilarini bezori-agitatorlar deb ta’riflamoqda. Ammo ularda 40 ming fuqaro ishtirok etgani ma’lum.

Rossiyada internet inqilob?

Tahlilchi Masha Lipmanning aytishicha, internet nihoyatda muhim vosita, ammo odamlarni ko’chaga jalb qilgan asosiy sabab – soxta saylovlardir.

“Ekran qarshisida o’tirib javrashdan naf yo’qligini anglagan fuqaro harakatga kirishgan zahoti internet asqotdi - namoyishlarni rejalash va amalga oshirishda, shuncha odamni ko’chaga olib chiqishda”, - deydi Lipman.

Moskvada o’tgan aksiya Sovet imperiyasi qulaganidan beri eng yirigi edi, deydi tashkilotchilar. Bunda internetning roli beqiyos.