Rossiya muxolifati: Bizga inqilob emas, islohotlar kerak

  • Jeyms Bruk

Rossiya muxolifati: Bizga inqilob emas, islohotlar kerak

Rossiyada “Adolatli saylovlar” shiori ostida yirik namoyishlar bo’lib o’tdi. Izg’iringa qaramasdan Moskvada o’nlab ming odam ko’chaga chiqqan.

Kremlga yaqin siyosiy arboblar deydiki, norozilik kayfiyatini asosan poytaxtda, ziyolilar orasida sezish mumkin. “Amerika Ovozi” Sibirga, Yekaterinburg shahriga safar qilib, aholi fikrini o’rgandi.

Ural tog’lari… Pavel Smolin bu olis o’lkada sayyohlarni chang’ida uchirib, kun ko’radi. Undan mamlakat kelajagi, Vladimir Putinning uzoq yillik boshqaruvi haqida so’raganimizda, “uning asosiy xizmati – Rossiyada tartib o’rnatganidir”, deya javob qiladi.

“Lekin kelasi yildan nafaqaga chiqishim kerak. Pensiyalar juda oz, hech narsaga yetmaydi. Hozirgi ishimni davom ettiraman”, - deydi u.

4-dekabrda o’tgan parlament saylovlarida, deydi muxolifatchilar, Bosh vazir Vladimir Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasi qalloblik yo’li bilan g’alaba qilgan.
Putin yutqazgan yagona yirik shahar – Yekaterinburg, Sverdlovsk oblasti markazidir. Ko’pchilik ovozni bu yerda “Adolatli Rossiya” oppozitsion partiyasi qo’lga kiritgan. Uning a’zosi Georgiy Perskiyning aytishicha, siyosiy uyg’onish faqat poytaxt bilan cheklanmaydi.

“Odamlar amaldagi hukumatga va uning boshida turgan Vladimir Putinga ishonmay qo’ygan. Sibir markazga uncha bo’ysunmaydi, saylovchilari ham erkin, teran fikrlaydigan fuqarolar”, - deydi Perskiy.

Rossiya muxolifati: Bizga inqilob emas, islohotlar kerak

Muxolifat Yekaterinburgda g’alaba qilgan bo’lsada, dekabr oyidan beri bu yerda uch marotaba norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi. Talab shuki, rahbarlar xalqni laqillatishni bas qilsin.

Shahar kengashi a’zosi Leonid Volkov deydiki, Yekaterinburgda saylov adolatli o’tgani bois ham eng ko’p ovoz olgan partiya yutib chiqdi. Lekin mamlakatning boshqa qismlarida siyosiy raqobat degan tushuncha allaqachon unutilgan.

“Bizga inqilob emas, islohotlar kerak”, - deydi u.

Prezident saylovlariga bir oycha vaqt qoldi. Vladimir Putin “barqarorlik va davomiylik” degan so’zlarni shior qilib olgan.

“Bu tabiiy, Putin ertani o’ylab ish qilyapti”, - deydi mahalliy gubernator muovini Anatoliy Gredin. “Boshqa partiyalar qandaydir katta o’zgarishlar, burilishlar, qayta qurishga chaqiryapti. Hozir faqat oldinga yurib, mamlakat rivojini o’ylaydigan payt”, - deya qo’shadi u.

Rossiya muxolifati: Bizga inqilob emas, islohotlar kerak

Mamlakatni Putindek qattiqqo’l rahbar boshqarishi kerak, deb namoyishga chiqqanlar ham bor.

Ammo ayrim qatnashchilar ularni davlat korxonalari, zavod-fabrikalardan avtobuslarga joylab olib kelishgani, “chiqmasang ishdan haydalasan” deb majburlashganini aytadi.

Maqsad, deydi Leonid Volkov, bunday yig’ilishlarni uyushtirib, olis Uralda ishchi-mehnatkashlar Putin tomonida ekanini xalqqa namoyish etish. “Bu kadrlar davlat telekanallarida qayta-qayta ko’rsatiladi”.

JEYMS BRUK LAVHASI, INGLIZ TILIDA:

http://www.voanews.com/templates/widgetDisplay.html?id=138653314&player=article