Ukrainada Rossiya boshlagan urushning bir yilligi yaqinlashar ekan, mojaro ikkinchi bosqichga o’tish arafasida turibdi. G’arb davlatlarining Ukrainaga tanklar berish va’dasiga Rossiya qurolli kuchlarini isloh qilish rejasi bilan javob qaytardi.
Your browser doesn’t support HTML5
Oq uyda uchrashgan AQSh va Niderlandiya rahbarlari Rossiyaning bosqinini qoralab, Ukrainaga yordamni to’xtatmaslikka kelishib oldi.
“Rossiya aql bovar qilmaydigan darajada va yovuzlik bilan harakat qilishda davom etmoqda”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.
“Ukrainaga urushda yordam berish maqsadida qo’shimcha 2,5 milliard dollar sarflashga qaror qildik. “Patriot” masalasida Germaniya kabi ish tutmoqchimiz. Havo mudofaasi juda muhimdir”, - dedi Mark Rutte.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Niderlandiya uning mamlakatiga AQShning “Patriot” havo mudofaasi tizimini berishga rozi.
NATO Ruminiya yaqinidagi bazaga qo’shimcha razvedkachi samolyotlar joylashtirib, Rossiyaning harbiy faoliyatini kuzatish ishlarini kengaytirdi.
Ukrainaga bronetexnika berishni va’da qilgan G’arb davlatlari og’ir tanklar uzatish masalasini ham muhokama qilmoqda.
Ertaga AQShning Germaniyadagi Ramshtayn harbiy aviabazasida Yevropa rasmiylari to’planib, Ukrainaga qo’shimcha qurol va tank berish xususida gaplashadi, Germaniyadan “Leopard” tanklarini Ukrainaga uzatishga ruxsat berishni so’rashlari kutilmoqda.
Yevropadagi bir necha mamlakat, jumladan Polsha va Finlyandiya, o’z ixtiyoridagi “Leopard” tanklarini Ukrainaga yuborishga tayyor, agar Berlin rozilik bersa.
Hafta boshida Britaniya “Chellenjer-2” jangovar tanklaridan 14 tasini Ukrainaga jo’natishi haqida ma’lum qildi.
Bugun Ukraina Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikovning Kanadaga tashrifi davomida bu mamlakat Mudofaa vazirasi Anita Anand Kiyevga “Roshel” kompaniyasining qo’shimcha 200 ta “Senator” rusumidagi zirhli avtomobili berilishi haqida ma’lum qildi. Ukraina bungacha ularning 8 tasini olgan edi.
“Roshel” kompaniyasiga 2016-yilda isroillik muhojir Roman Shimonov asos solgan. Shimonov Ukrainani urush boshidan beri qo’llab-quvvatlab keladi, rafiqasi ukrainalik.
Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel qit’a davlatlarini Ukrainaga tank berishga chaqirib, Yevropa Ittifoqining xavfsizlik jamg’armasi moliyaviy yordam ko’rsatishini aytdi.
Rossiya bunga javoban qurolli kuchlarining jangovar salohiyatini oshirishi haqida bildirmoqda. Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu keyingi 3 yilda vomida askarlar soni oshirilishi, Ukrainaning Rossiyaga qo’shib olingan hududlarida yangi qo’shinlar gruppirovkalari tuzilishi, harbiy-dengiz floti, harbiy-kosmik kuchlari va strategik raketa kuchlarining jangovar salohiyati kuchaytirilishi haqida gapirdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Leningrad shahrining salkam 900 kunlik qamaldan ozod etilganining 80 yilligiga bag’ishlangan tadbirda qatnashib, G’arb davlatlarini natsistlar Germaniyasiga qamalni ushlab turishda yordam berganlikda aybladi.
Putinga ko’ra, Rossiya Ukrainada maxsus harbiy amaliyot boshlab, kattaroq urushning oldini olishga, Ukraina sharqidagi rus aholini himoya qilishga harakat qilmoqda.
Putin, bugun, shuningdek Sankt-Peterburgda harbiy maqsadlar uchun mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Obuxov zavodida bo’lib, Rossiya harbiy-sanoat kompleksi salohiyatini yuqori baholadi, Rossiyaning qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalari AQSga qaraganda uch karra ko’p zenit raketalarini ishlab chiqarayotganini aytdi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qo’shma Shtatlarni Rossiyaga qarshi gibrid urush olib borayotganlikda aybladi.
Hafta boshida Xorvatiya Prezidenti Zoran Milanovich ham AQSh va NATO Ukrainada Rossiyaga qarshi gibrid urushi olib borayotganini aytdi.
Unga ko’ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalar foydasiz. Xorvatiya o’z hududida ukrain askarlarini tayyorlash taklifiga qarshi chiqdi.
Kiyev yaqinidagi vertolyot halokatida Ukraina ichki ishlar vaziri nobud bo'ldi
Bugun Kiyev oblastining Brovary shahrida bolalar bog’chasi yonida vertolyotning qulashi oqibatida Ukraina Ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy, uning o’rinbosari Yevgeniy Yenin, ichki ishlar vazirligi davlat kotibi va yana kamida 13 kishi, jumladan 3 bola halok bo’lgan. Halokat natijasida 30 dan ortiq odam, jumladan bolalar bog’chasining 12 nafar tarbiyalanuvchisi jarohat olgan.
Fransiyada ishlangan “Super Puma” vertolyotining piloti tuman sabab oldidagi ko’p qavatli uyni ko’rmay qolgan va vertolyotni tez ko’tarish harakatida boshqaruvni yo’qotgan bo’lishi mumkinligi aytilmoqda. Natijada vertolyot uyga urilib qulagan, undagi barcha 9 kishi o’lgan.
Monastirskiy ichki ishlar vaziri lavozimiga 2021-yilda tayinlangan edi. Shveysariyaning Davos shahridagi xalqaro iqtisodiy forumda qatnashayotgan Kiyev meri Vitaliy Klichko uni “vatanparvar inson” deya ta’rifladi.
Milliy politsiya rahbari Igor Klimenkoning aytishicha, vertolyot Favqulodda holatlar vazirligiga tegishli bo’lgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati fojia sabablarini aniqlashga kirishgan.
2018-yilda Ukraina Fransiyaning “Airbus Helicopters” kompaniyasi bilan shartnoma asosida 55 ta vertolyotga buyurtma bergan edi.