Vladimir Putin: AQSh muxolifatni bizga qarshi qayramoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Qo'shma Shtatlarni rus muxolifatini gijgijlatayotganlikda ayblamoqda. Putinning aytishicha, Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton Rossiyadagi parlament saylovlarini tanqid qilib, muxolif kuchlarga signal bergan.

Klinton saylovlar ochiq va adolatli o'tmagan, deb baho bergan. Ammo Putinning aytishicha, Klinton Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilarining saylov borasidagi xulosalari bilan tanishmay turib, noxolis fikr bildirgan.

Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida yakshanbadan beri namoyishlar o'tmoqda. Biroq davlat matbuoti ular haqida lom-lim demayapti. Yuzlab odam hibsga olingan. Muxolifat nazarida saylovlar hukmron "Birlashgan Rossiya" partiyasi foydasiga soxtalashtirilgan.

Kecha Sovet Ittifoqining sobiq rahbari Mixail Gorbachyov ham jarayonni tanqid qilib, saylovlarni qayta o'tkazish kerak, degan.

Rossiya prezidenti Dimitriy Medvedevning aytishicha, saylovlarda soxtalashtirish hollari bo'lgan bo'lsa, ularni tergov qilish kerak.

"Rossiya saylov tizimini namunali deb bo'lmaydi, albatta, ammo jarayon yaxshi tashkil etilib, siyosiy sharhlovchilar nazarida natijalar shunga yarasha bo'lgan", - deydi Medvedev.

Davlat rahbariga ko'ra, namoyishlar qonun doirasida o'tkazilsa, qarshilik yo'q.

Muxolifat kelasi 10 kun ichida poytaxt Moskvada to'rtta yirik namoyish o'tkazmoqchi. Birinchisi Kreml yonida shanba kuni bo'lishi rejalangan. 300 kishiga ruxsat berilgan xolos. Biroq internetda Facebook va boshqa ijtimoiy sahifalar orqali e'lon qilingan namoyishda qatnashish istagini 23 ming odam bildirgan.