Rossiyadagi iqtisodiy cho’kishga qaramasdan millonlab o’zbekistonlik hamon u yerda ishlab vatanidagi oilasini boqmoqda. Ona yurtdagi ishsizlik buning bir sababi bo'lsa, boshqa bir sababi siyosiy tazyiqlar va qiynoqlar ehtimolidir. “Xalqaro amnistiya” huquq tashkilotiga ko’ra, federatsiya O'zbekiston istagan shaxslarni yo tutib bermoqda yo respublika organlari uchun ularni olib ketishga sharoit yaratib qo'ygan.
O’zbekistonda qancha odam, qanday gumonlarga ko’ra qidiruvda ekanligi yuzasidan aniq ma’lumotlar yo’q. Ammo ular soni bir necha mingga borishi mumkin va ko’pchiligi uzoq vaqtdan buyon vatanga qaytish imkonini topmagan. Siyosiy qarashlari o’zgara boshlagan muhojirlar ham ko'p.
Ikki davlat orasida qochqinlarni topish va vatanga qaytarish bo’yicha hamkorlik anchadan buyon mavjud, hozirga kelib kuchaygan.
Rossiyada ancha yillardan beri ishlab kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevning aytishicha, muhojirlar O’zbekistonga qaytishni istamayotganining asosiy sababi - qo’rquv va xavotir.
“Avval ikki davlatni sovet mafkurasi birlashtrib turgan bo’lsa, hozirga kelib ular diniy ekstremizmga qarshi kurash bahonasida bir-birlariga bo’glangan. Aslida bu birlik emas, jinoyatlar, xalqni o’girshlash hisobiga qurilayotgan hamkorlik. Qancha odam o’g’irlab ketildi, ularning diniy ekstremizga umuman aloqasi bo’lmagan”, - deydi Bahrom Hamroyev
“Xalqaro amnistiya” mazkur vaziyat yuzasidan chiqargan yangi hisobotida Rossiya hukumatini qochqinlarni qiynoqlar muqarrar bo’lgan O’zbekistonga qaytarishdagi hamkorlikni to’xtatishga chaqirdi.
Tahlilga ko’ra, Rossiya maxsus xizmatlari yordami evaziga bu mamlakatdan o’g’irlab ketilgan yoki rasman topshirilgan qochqinlar O’zbekistonda qiynoqqa solingan, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Moskvadan o’g’irlab ketilgan, keyinchalik Toshturmada qiynoqlar ostida ekstremizm aybi bilan uzoq yilga qamalgan rejissyor Mirsobir Hamidxo’jayev shunday hamkorlik qurbonlaridan biri xolos.
Rossiyada bir necha yildan buyun muhojirlikda yurgan, huquq tartibot xodimlari tomonidan vataniga chaqiralayotgan andijonlik qochqin Havasbek Alijonov “”Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida ortga qaytgan taqdirda tahdid va qiynoqqa uchrashini yoki sudda yolg’on ko’rsatmalar berishga majburligini aytadi.
Bahrom Hamroyev deydiki, nafaqat militsiya tomonidan surishtrilayotgan balki Rossiyada ishlab siyosiy jihatdan faollashgan, dunyoqarashi o’zgarayotgan minglab o’zbekistonlik muhojirlar ham vatanga qaytishdan hadiksirab turishibdi.
“Ularning ko’zi ochilgan, hatto namoz o’qimayman deb aroq ichsak ham baribir maxsus xizmatlardan qutulolmaymiz deyishayapti. Qanchasini borgandan keyin qamashdi, qiynoqqa solishdi ”, - deydi u.
So’nggi yildan O’zbekiston hukumati xorijda yurgan mehnat muhojirlarini ortga qaytarish bo’yicha kampaniya boshladi. Huquq tartibot xodimlari, hokimyat va mahalla qo’mitalari ishtirokida o’tayotgan bu tadbir mehnat muhojirlarini ularning qaridoshlari orqali so’rab surishtirmoqda, telefon raqamlari, ish joylari, manzillari haqida ma’lumotlar to’plamoqda.
Oxirgi paytda diniy ekstremizm bo’yicha o’tgan hibslar esa asosan xorijda yurgan mehnat muhojirlari hisobiga to’gri kelmoqda. Bu hibslar muhojirlardagi hadikni yanada kuchaytirgan.
Bahrom Hamroyevning qayd etishicha, pasportlarni almashtirish bahonasida xorijdagi barcha mehnat muhojirlarini ortga qaytarish umidida bo’lgan O’zbekiston hukumati maqsadiga erishmadi, ko’pchilik muhojirlar baribir qaytmadi, hukumat pasportlar muddatini uzaytirishga majbur bo’ldi.
“Ularning aksariyati endi Karimov o’ylagan dangasa gastarbayterlar emas, siyosiy jihatdan ancha faollashgan”, - deydi u.
Ayni paytda nobiometrik pasportlar muddati 2018-yilgacha cho’zildi. Rossiyada muhojirlar bilan ishlayotgan mutaxasislar hozirdanoq ortga qaytishni o’ylamayotgan o’zbekistonliklarni ogohlantirishmoqda.
O’zbekiston hukumati mehnat muhojirlarni qaytarish bo’yicha so’nggi paytda boshlagan jiddiy kampaniyasi ularning siyosiy faolligi oshayotgani, muxolif qarashga o’tayotgani bilan ham bog’liq ko’riladi. O’zbekistondagi qiynoq qurbonlarining aksariyatini esa amaldagi hukumatga muxolifatda bo’lganlar tashkil etadi.