Ukraina hukumati va G’arb davlatlari Rossiyaning Odessa portiga raketa hujumini qoralamoqda. Juma kuni Istanbulda Turkiya, Ukraina va BMT rasmiylari bilan g’alla va oziq-ovqat mahsulotlarini Odessa portlaridan xavfsiz olib chiqishga doir bitimni imzolagan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu shanba kuni portga zarba berishni buyurdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Moskva bandargohda joylashtirilgan harbiy kema va G’arbning Ukrainaga uzatilgan kemaga qarshi “Garpun” raketalari saqlangan ombor nishonga olinganini ma’lum qildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga ishonch yoq’ligini aytadi.
“Rossiya qanday va’dalar berishidan qat’i nazar ularni bajarmaslikning yo’lini topadi. Geosiyosiy ravishdami, qurol bilanmi, qonli bo’ladimi, qonsiz, har doimgidek turli usullarni ishga soladi. Bu esa Ukrainada muzlatilgan mojaroga yo’l qo’ymaslik kerakligini ko’rsatmoqda. Egallangan hududlarimizni ozod etish uchun zarur qadamlarni qo’yish imkoni bo’lishi kerak Ukrainada”, - dedi Zelenskiy.
Afrika mamlakatlari bo’ylab safarga chiqqan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Misrga tashrifi chog’ida bug’doyni jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan majburiyatlar bajarilishi haqida so’zlarkan, Istanbul shartnomasida portlarda joylashgan harbiy inshootlar nishonga olinmasligiga kafolat berilmaganini aytdi.
“Rossiya Odessa portining harbiy qismiga zarba berdi, Rossiya flotiga tahdid bo’lgan raketalar yo’q qilindi. Tahdid bartaraf etildi. Bug’doy terminali portning harbiy qismidan ancha uzoqda joylashgan”, - dedi Lavrov.
Ukraina to’rtta “Kalibr” raketasidan ikkitasi urib tushirilganini ma’lum qildi.
Ukraina qurolli kuchlari operativ qo’mondonligi vakili Nataliya Gumenyukning aytishicha, raketa hujumlari port infratuzilmasiga zarar yetkazmagan.
Yana bir amaldor, infratuzilma vazirining o’rinbosari Yuriy Vaskov g’alla ortilgan birinchi kema Chernomorsk portidan shu hafta yo’lga chiqishini, undan keyin Odessa, so’ng Yujniy portlaridan bug’doy olib chiqilishini bildirdi.
Istanbulda imzolangan kelishuvga ko’ra, Odessaning uchta portidan Qora dengiz orqali ukrain g’allasini olib chiqayotgan kemalar xavfsizligi ta’minlanishi kerak. Rossiyaga iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar qo’ygan G’arb ushbu shartnoma doirasida rus bug’doyi va o’g’itlarining ham eksportga chiqarilishiga to’siq qo’ymaslikka so’z berdi.
Jahon oziq-ovqat dasturi tashkilotiga ko’ra, bug’doy o’z vaqtida jahon bozoriga yetkazilmasa, dunyo bo’ylab 47 million odam o’tkir ochlikka yuz tutadi.
Rossiya va Ukraina g’alla eksporti bo’yicha yetakchi mamlakatlar bo’lib, Misr o’tgan yili bug’doyning 80 foizini ulardan import qilgan. Lavrov bu mamlakat rahbariyati bilan uchrashuvi chog’ida ta’minotga zarar yetmasligiga kafolat berdi.
Efiopiya, Uganda va Kongo Respublikasiga tashrifi chog’ida ham Lavrov Rossiya ishonchli hamkor ekanini ishontirishga harakat qiladi.
Arab Ligasiga murojaatida Lavrov Ukrainaga kirayotgan kemalar qurol olib kirmasligi uchun sinchkovlik bilan tekshirilishini aytdi.
Rossiya vaziriga ko’ra, G’arb davlatlarining Misrdagi elchixonalari Arab Ligasi va Misr rahbariyatiga Lavrov bilan suratga tushmaslikni tavsiya qilgan.