Qo’shma Shtatlar Ukrainaga 800 million dollarlik qo’shimcha harbiy yordam va’da qildi. Rossiyaning Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasida hozirlanayotgan yirik hujumdan oldin AQSh Kiyevga bungacha berilmagan qurollarni uzatmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
Shunday qurollar orasida artilleriya tizimlari va 40 mingta snaryad, 200 dona zirhli texnika bor. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ko’pdan beri AQSh va Yevropa mamlakatlaridan og’ir harbiy texnika so’rayotgan edi.
"Beriladigan tizimlar o’ta murakkab emas, ammo ulardan foydalanish uchun Ukraina harbiylarini ma’lum tayyorgarlikdan o’tkazish kerak bo’ladi. Zambaraklar, artilleriyaga qarshi radar tizimi. Bu tizim ularda shu kungacha yo’q edi”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.
AQSh armiyasining iste’fodagi mayori Jon Spenser 155 millimetr kalibrdagi gaubitsa kabi 18 ta to’pning Ukrainaga berilishini olqishlamoqda.
“Bu Amerika siyosatidagi o’zgarishdan dalolatdir. Biz Ukrainaning sharqiy hududlarda mag’lubiyatga uchrashini istamaymiz va Rossiyaga qarshi janglarda salohiyatini oshirishimiz kerak”, - deydi u.
Pentagon, shuningdek, Afg’onistonda Tolibon hokimiyatga kelmasidan oldin unga berilishi rejalangan, Sovet Ittifoqida ishlangan 11 ta Mi-17 harbiy vertolyotini ham Ukrainaga yubormoqchi.
“Gaubitsa tankka qarshi ham samaralidir. Ayni damda ukrainaliklarga aynan shu qurol kerak. Ular rus kolonnalarini shaharlarga yoki jang maydoniga yetib bormasidan oldin yo’q qilishi lozim”, - deydi ayni damda Nyu-Yorkdagi “Medison siyosiy forumi” tahlil markazida ishlovchi mutaxassis.
AQSh urush boshlanganidan beri Ukrainaga berayotgan harbiy yordam miqdori 2,5 milliard dollardan oshdi.
Xalqaro jinoiy sud vakillari Ukrainada
Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon boshchiligidagi tergovchilar va sud ekspertlari Ukrainaning Bucha shahrida rus askarlari o’ldirgani aytilayotgan qurbonlar bo’yicha dalillar to’plashga kirishdi.
“Har bir shaxs, va ayniqsa oddiy fuqarolarning o’ziga yarasha huquqlari bor. Ularning huquqlarini himoya qilishimiz, nima bo’lgani haqida haqiqatni aniqlashimiz zarur. Shundan keyin sudyalar kim mas’ul ekanini hal qiladi”, - dedi Karim Xon.
AQSh ham, Rossiya ham Xalqaro jinoiy sud vakolatini tan oluvchi hujjatlarni imzolamagan. AQSh sudning o’z vaqtida amerikalik harbiylarning Afg’onistondagi jinoyatlarini tergov qilishga qaratilgan harakatlariga qarshilik bildirgan, biroq endi rus harbiylarining Ukrainada sodir etgan jinoyatlarini fosh etishda yordam berishini bildirdi.
“Dunyo Kramatorskdagi temir yo’l stansiyasidagi portlashga ham, Buchadagi qatliomlarga ham, Mariupol va Xarkov vayronalariga ham Putin qo’l urganini biladi. Boshqa birovni bunda ayblab bo’lmaydi”, - deydi AQShning Ukrainadagi elchisi vazifasini vaqtincha bajarib turgan Kristina Kvayen.
Zelenskiy Rossiya rahbarini xalqaro tribunalda sudlashga chaqirgan.
“Dunyoning barcha yetakchi mamlakatlari Rossiyaning Kramatorskdagi hujumini qoralab bo’ldi. Bucha qatliomi va Rossiyaning ko’plab boshqa jinoyatlari kabi Kramatorskka hujum bo’yicha ayblovlar ham ushbu triibunalda yangrashi kerak”, - dedi Zelenskiy.
Rossiyaning bildirishicha, Buchada ukrain maxsus kuchlari Rossiyaga xayrixoh aholini o’ldirib, jasadlarni yo’lga sochib tashlab, aybni shaharni tashlab chiqqan rus qo’shinlariga to’nkashga harakat qildi.
“Kramatorskka hujum yolg’iz Ukraina armiyasi qo’llovchi “Tochka-U” raketasi bilan amalga oshirilgan”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.
"Moskva" kreyseriga nima bo'ldi?
Bu o’rtada Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaga qarashli harbiy kemani nishonga olganini da’vo qilmoqda. Kiyev Rossiyaning Qora dengiz floti tarkibidagi “Moskva” kreyserini ikkita raketa bilan urganini ma’lum qildi. Biroq Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, kemada yong’in yuzaga kelishi oqibatida undagi o’q-dorilar portlab ketgan va kemaga jiddiy zarar yetgan.
1983-yilda qurilgan kreyser 700 kilometrgacha uchadigan qanotli raketalar bilan jihozlangan. Rus rasmiylari raketalar ziyon ko’rmaganini bildirdi.