Yakshanba kuni AQSh davlat kotibi va mudofaa vaziri kutilmaganda Ukrainaga safar qilib, Prezident Vladimir Zelenskiy va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi. Entoni Blinken va Lloyd Ostin ikki oy oldin urush boshlanganidan beri Amerikaning Ukrainaga qadam qo’ygan eng yuqori martabali rasmiylari bo’ldi. Zelenskiy Kiyevda AQSh Prezidenti Jo Baydenni kutganini yashirmadi va buning uchun xavfsizlik sharoitlari bo’lishi bilan Bayden kelishiga umid qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qo’shma Shtatlar Ukrainaning Rossiya bilan mojaroda eng yaqin ittifoqchisi va madadkoridir. Vashington Kiyevni qurol bilan ta’minlamoqda, moliyaviy yordam ko’rsatyapti, razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlayapti, Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etib, boshqa mamlakatlarni ham shunga undayapti.
Polshadan poyezdda Kiyevgacha safar qilgan Amerikaning ikki vaziri 3 soat davom etgan uchrashuv chog’ida 713 million dollarlik yordam ko’rsatilishi haqida ma’lum qildi. Shundan 322 million dollar Ukraina, qolgani esa ittifoqchi va hamkor davlatlar uchun ajratiladi.
Aytish joiz, AQSh berayotgan yordam beg’araz emas, Ukraina qarzni urushdan keyin uzishi kerak bo’ladi.
Ukrainalik rasmiylarga ko’ra, AQShga Rossiyaga qarshi urushda zarur bo’lgan qurollar ro’yxati berilgan – tanklar, tank va aviatsiyaga qarshi qurol, raketa hujumidan mudofaa tizimlari, zirhli texnika shular jumlasidan.
Ostin va Blinkenning Zelenskiy bilan uchrashuvi haqida AQSh delegatsiaysi qo’shni Polshaga qaytganidan so’ng ma’lum qilindi.
"Rossiya bu urushda o’z maqsadlariga yetayotgani yo’q, Ukraina muvaffaqiyat qozonmoqda. Rossiya Ukrainani o’ziga butunlay qaratmoqchi edi, suvereniteti, mustaqilligidan ayirmoqchi edi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi”, - dedi Blinken Polshada uyushtirilgan matbuot anjumanida.
Xususan, deydi rasmiylar, Rossiya na poytaxt Kiyevni, na boshqa yirik shaharni ishg’ol qila oldi.
“Kiyevni olishning iloji bo’lmadi. Zelenskiyni hokimiyatdan olishning iloji bo’lmadi. Nazarimda, ruslar hali ham maqsadlarini aniqlashtirishga harakat qilmoqda va maqsadlar amaliyot davomida o’zgarmoqda. Putin nimaning imkoni borligini aniqlashga harakat qilyapti. Imkoniyat tug’ilishi bilan unga yopishadi. Hozircha Putin uchun pichoqqa ilinadigan imkoniyat yo’q”, - deydi AQShning NATOdagi sobiq elchisi, general-leytenant Duglas Lyut.
AQSh vazirlarining Ukrainaga safari shu qadar maxfiy bo’ldiki, uni yoritish uchun amerikalik jurnalistlarga ham ruxsat berilmadi.
"Ukraina g’alaba qozonishiga ishonchimiz komil. Ularda buning uchun kerakli qurol va madad bor. Qurollarning Ukrainaga yetkazilishi uchun qo’ldan kelgancha harakat qilamiz”, - dedi Ostin.
Unga ko’ra, AQShning maqsadi ushbu mojaroda Rossiyani zaiflashtirish. Qo’shma Shtatlar Ukrainani gaubitsa rusumidagi zambaraklar bilan ta’minlashni boshlagan. 50 dan ortiq ukrainalik harbiy ushbu artilleriyadan foydalanishni o’rganish uchun maxsus tayyorgarlikdan o’tkazildi.
G’arb davlatlari Ukrainaga og’ir qurollar berilishi haqida e’lon qilishi ketidan Rossiya qurolli kuchlari so’nggi bir haftadan beri Ukraina g’arbidagi temir yo’l tizimini nishonga olmoqda.
Blinkenning Zelenskiyga aytishicha, kelasi haftadan boshlab Ukrainani tark etgan amerikalik diplomatlar mamlakatga qaytib keladi. Diplomatlar urush boshlanishidan salkam 2 hafta oldin g’arbdagi Lvov shahriga, so’ng Polshaga ko’chirilgan edi. Aytish joiz, AQSh elchixonasi ikki yildan ortiq vaqt elchisiz faoliyat yuritgan.
Bugun Prezident Bayden ayni damda Slovakiyada elchilik qilayotgan diplomat Bridjet Brinkni Ukrainaga elchi etib tayinladi. Senat uning nomzodini tasdiqlashi zarur.
Blinken o’tgan hafta BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan gaplashganini ma’lum qildi. Moskva va Kiyevga borish istagini bildirgan Guterrish bugun Anqarada mojaroga vositachilik qilishga harakat qilayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan uchrashdi.
Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning qator hududlarida harbiy inshootlar nishonga olingani haqida ma’lum qildi. Xususan mamlakat markazidagi Kremenchug shahrida issiqlik elektr markazi va neftni qayta ishlash zavodi, Xarkov oblastida esa harbiylar, qurol omborlariga zarba berilgani aytilmoqda.
Rus qo’shinlari Mariupoldagi “Azovstal” po’lat zavodini ham nishonga olishda davom etmoqda. Mudofaa vazirligiga ko’ra, korxonaga qarashli yerosti bunkerlarda 400 ga yaqin xorijiy jangari jon saqlamoqda.
Ukraina Mudofaa vazirligi vakilining aytishicha, Putin “Azovstal” zavodini ishg’ol etishni bekor qilishni buyurganiga qaramay, yakshanba kuni shturmga yangi harakat bo’lgan.
Ukraina qurolli kuchlari tarkibidagi “Azov” batalyoni video tarqatib, zavodning yerosti binolarida tinch aholi, jumladan bolalar borligini da'vo qildi. Videodagi odamlar yorug’likka chiqqisi kelganini aytadi.
Rossiya vakillari tinch aholi va harbiylar uchun bir necha bor gumanitar korridor ochilganini, biroq “azovchilar” ularni chiqarmayotganini, ayollar va bolalardan jonli qalqon sifatida foydalanayotganini ta’kidab keladi.
Bugun Rossiyaning Ukraina chegarasidan 155 kilometr narida joylashgan Bryansk shahridagi neft bazasida yong’in yuzaga kelgan. Taxminlarga ko’ra, hodisa Ukraina hujumi natijasidir. Bir necha kun burun Bryansk viloyatidagi bir qishloq va Ukrainaga chegaradosh Belgorod shahri Ukraina harbiy vertolyotlari hujumiga uchragani haqida xabar berilgan edi. Bugun, shuningdek, Kursk viloyatida Ukrainaga qarashli ikkita zarbdor dron urib tushirilgani ma’lum qilindi.
Rossiya prezidentining aytishicha, Ukraina razvedkasi ko’rsatmasiga ko’ra rossiyalik muxbirlarni yo’q qilishni rejalagan millatchilar guruhi qo’lga tushgan. Ularni bu ishga AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi yo’naltirmoqda, dedi Putin. Gap, xususan, Vladimir Solovyov, Margarita Simonyan, Dmitriy Kiselev va boshqa telejurnalistlar haqida ketmoqda. Ukraina Xavfsizlik xizmati mazkur ayblovlarni inkor etmoqda.
AQSh va Yevropa rasmiylari Hindistonni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo’llab-quvvatlashga, bu mamlakatdan yoqilg’i va qurol sotib olishni bas qilishga chaqirar ekan, Britaniya bosh vaziri ketidan Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen ham Dehlida bo’lib, Bosh vazir Narendra Modi bilan uchrashdi.
Taraflar hamkorlikni kuchaytirish maqsadida savdo va texnologiya kengashini tuzishga kelishib oldi.
Hindiston Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralashdan bosh tortarkan, shu mazmundagi BMT hujjatlariga ovoz berishda betaraf pozitsiyani tutib kelmoqda.