Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 64-kun. BMT bosh kotibi Ukrainada

  • Amerika Ovozi

Germaniya parlamentining quyi palatasi Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda jumladan og’ir qurollar bilan ta’minlashga qaratilgan da’vatni ko’pchilik ovoz bilan ma’qulladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-aprel, 2022-yil

Koalitsion hukumatdagi uchchala partiya hamda muxolifatdagi konservativ kuchlar ma’qullagan hujjatda aytilishicha, “keng iqtisodiy izolyatsiya hamda Rossiyani xalqaro bozorlardan chetlatishga qaratilgan harakatlar bilan bir qatorda samarali qurollar va murakkab tizimlar, jumladan og’ir qurollarni tez-tez va tezkor yetkazish Rossiya bosqinini to’xtatishda eng muhim va samarali choralardir”.

Germaniya hukumati shu paytgacha Kiyevga og’ir qurol uzatishdan bosh tortib kelayotgan edi.

Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollasning bugun aytishicha, Ukraina Rossiya ta’minot tizimiga zarba berishga haqli, biroq London Kiyevga uzoq masofali raketa tizimini bermagan.

Moskva Londonning bu kabi bayonotlarini provokatsiya deb bilarkan, bunday harakatlarga tezkor javob berishini bildirdi.

Xususan kecha Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Ukraina mojarosiga aralashib Rossiyaga strategik xavf tug’dirgan davlat boshqa mamlakatlarda yo’q qurollar bilan zarba yeydi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova britan siyosatchilarining bunday da’vatlarini qoralab, Rossiya hududiga zarbalar javobsiz qolmasligini, G’arb maslahatchilarining Ukrainada joylashgani bunga g’ov bo’lmasligini ta’kidladi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Elizabet Trassga ko’ra, Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga qarshi davlatlar Kiyevga yordamini kuchaytirishi, og’ir qurollar, tanklar, samolyotlar berishi kerak.

Kreml NATOni Ukrainaga qurol uzatish orqali yadro urushi ehtimoliga turtki berayotganlikda ayblamoqda. Bunday yondashuv, deydi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Yevropa qit’asi xavfsizligini tahdidga qo’ymoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, so’nggi 24 soatda Ukrainada 67 ta manzil nishonga olingan, “300 nafar millatchi” o’ldirilgan, 40 ga yaqin harbiy texnika va bir samolyot yo’q qilingan. Vazirlik Ukrainani janubda rus qo’shinlari nazoratiga o’tgan Xerson shahrida turar-joylarni raketalar bilan nishonga olganlikda ayblamoqda.

Moskvada Prezident Putin bilan uchrashuvidan so’ng Ukrainaga yo’l olgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish poytaxt Kiyev atrofidagi Bucha va Borodyanka shaharlarini ko’zdan kechirdi.

G’arb va Ukrainaga ko’ra, rus qo’shinlari bu joylarda tinch aholini qatl etgan, Kreml esa bunday da’volarni uydirma deb atarkan, qotilliklarga Ukraina xavfsizlik xizmati aloqador ekanini bildirgan.

"21-asrda urushni oqlab bo’lmaydi”, - dedi Guterrish.

Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xonning aytishicha, Ukrainada sodir etilgan jinoyatlar haqida gapirish emas, ularni tergov qilish kerak.

“Xalqaro qonun passiv kuzatuvchi bo’lib turmasligi, harakatsiz bo’lmasligi, chaqqon harakat qilib, himoyada turishi, javobgarlikka undashi kerak”, - dedi u.

Gaagada joylashgan sud deyarli urush boshidan Ukrainada taftish boshlagan.

Rossiyalik diplomat Sergey Leonidchenko Xalqaro jinoiy sudni “siyosiy qurol” deb atadi. Unga ko’ra, AQSh va Britaniya o’z vaqtida qo’shinlarini xalqaro sudning Iroq va Afg’oniston mojarolaridagi tergovlaridan himoya qilishga zo’r bergan ikkiyuzlamachilikda davlatlardir.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Rossiya-Ukraina mojarosi uzoqqa cho’ziladi va alyans Ukrainaga madad berishda davom etishi kerak.

"Ukrainadagi vaziyat qaltis va bashorat qilib bo’lmas darajada. Urushning oylab, hatto yillab davom etishi ehtimoli mavjud”, - dedi Stoltenberg Bryusselda o’tgan yoshlar sammitida.

NATO Finlyandiya va Shvetsiya tashkilotga qo’shilishni istasa, a’zolikka ariza berish va arizalarning a’zo davlatlar tomonidan ko’rib chiqilishi o’rtasidagi o’tish jarayonida ularning xavfsizligini kafolatlashini bildirdi.

“Jarayon tez bo’lishiga umid qilaman”, - dedi Stoltenberg.

Rossiya u bilan 1300 kilometrlik chegaraga ega Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo’shilsa, Boltiq dengizi bo’yidagi Kaliningrad shahrida yadro va gipertovushli raketalar joylashtirilishi haqida ogohlantirdi.

Rossiya yoqilg’isi importiga sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirayotgan Finlyandiya Bosh vazirasi Sanna Marinning bugun Afinada aytishicha, uning mamlakati NATOga qo’shilish masalasida hali biror to’xtamga kelmagan, yaqin orada hal qiladi.

“Finlyandiya hukumati, parlamenti va prezidenti xavfsizlik bilan bog’liq yangi vaziyatning bizga ta’sirini baholab bir qarorga keladi”, - dedi u.

Xalqaro valyuta jamg’armasining bildirishicha, Ukrainadagi urush Markaziy Osiyoda iqtisodiy o’sishga keskin ta’sir qiladi, biroq neft narxining yuqoriligi Yaqin Sharq va Shimoly Afrikada iqtisodiy zarbani bir oz yumshatishi mumkin.

Tashkilotga ko’ra, bug’doyning qimmatlashishi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda xalq iste’moli mollariga narxlarning ko’tarilishiga olib keladi, chunki Rossiya ham, Ukraina ham yirik bug’doy eksportchilaridan hisoblanadi.