Ukraina Rossiyani harbiy jinoyatlarda ayblar ekan, 50 mingdan ziyod ukrainalik politsiyachi jangovar zonalarda urush jinoyatlariga doir dalillar, ma’lumotlar to’plamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Harbiy holat sharoitida 21 mingga yaqin jinoiy ish qo’zg’atildi. Shulardan salkam 9 mingtasi Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari va hamtovoqlarining Ukraina hududida sodir etgan jinoyatlari bilan bog’liq”, - deydi Ukraina ichki ishlar vazirining 1-o’rinbosari Yevxen Yenin.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti mandatiga ko’ra ish olib borayotgan ekspertlar guruhi xalqaro gumanitar qonunning buzilish holatlari haqida gapiradi.
“Qotillik, qiynoqqa solish, jinsiy zo’ravonlik holatlari aniqlanmoqda”, - deydi missiya rahbari Volfgang Benedek.
Urush holatida ishlash oson emas. Ekspertlar ko’plab raqamli dalillar to’plamoqda.
“Hamma narsani video, surat, guvohlar ko’rsatmalari ko’rinishida internetda topsa bo’ladi”, - deydi Benedek.
Ukraina Bosh prokurori Irina Venediktovaning aytishicha, ko’plab dalillar ijtimoiy sahifalar yordamida to’planmoqda.
“100 ga yaqin prokurorlarimiz mana shu ochiq manbalar bilan ishlayapti”, - deydi u.
Materiallar ko’p, barchasini tahlil qilib chiqish lozim. Ularni xakerlardan himoya qilishda AQSh yordam bermoqda.
Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, texnologiyalar eskicha sud-tibbiyot vositalarining o’rnini bosa olmaydi, biroq inson xotirasi imkoniyatlarini kengaytirishda yordam beradi.
“Vaqt o’tishi bilan guvoh tez-tez larzaga tushib turadi. Xotirasi, tabiiyki, o’zgaradi. Dalillar to’g’ri to’plansa, tekshiruvdan o’tganidan, o’rganilganidan so’ng ishonchli deb ko’rilishi mumkin”, - deydi Karim Xon.
Dalillar Xalqaro jinoiy sudga yetguncha bir necha yil ketishi aytilmoqda.
Jang maydonida esa to’qnashuvlar davom etmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi tunda bir necha shaharda qurol va yoqilg’i omborlari, 600 dan ziyod ukrainalik askar yo’q qilinganini ma’lum qildi.
Ukraina armiyasi esa janubdagi Xerson va Nikolayev viloyatlariga yaqin chegara hududda muvaffaqiyat qozonganini, sharqda rus hujumlarini bir necha bor qaytarganini bildirmoqda.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba uning mamlakati Rossiyadan qo’rqmasligini, g’alaba Ukraina tarafida bo’lishini, Rossiya bilan muzokaralar samara bermasligini ta’kidladi.
"Muloqotni urushdan ustun qo’ysangiz, qanotli raketalar bilan Ukraina shaharlari infratuzilmasiga zarba berish kerak emas”, - deydi u.
Kulebaga ko’ra, NATO Ukrainaga yaxlit tashkilot sifatida yordam bermayapti – ba’zi a’zolar boshqalariga qaraganda ancha faolroq.
Bugun Varshavada Ukrainaga yordam berishga qaratilgan donorlar anjumani bo’lib o’tdi. Polsha va Shvetsiya tashabbusi bilan o’tkazilgan tadbirda hukumatlar va kompaniyalardan xayriya sifatida Ukraina uchun 6,5 milliard dollar to’plandi.
Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiyning aytishicha, Ukraina har kuni 12 ming tonna gumanitar yordamga muhtoj, biroq ayni paytda mamlakatga 3000 tonna o’tyapti, xolos.
Anjumanda urushdan keyin Ukrainani qayta qurish xususida ham gap ketgan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron yordam miqdorini 300 milliongacha oshirishga va’da berdi. AQShning “Google” hamda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqargan “AstraZeneka” kompaniyalari ham pul berdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy berilayotgan pulni mintaqa xavfsizligiga sarmoya deb atadi va uning mamlakatini Yevropa Ittifoqiga qabul qilishni so’radi.
Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyen ittifoqqa a’zolik va Ukrainani qayta qurish uchun yuzlab milliard yevro va islohotlar zarur ekanini aytdi.
AQSh matbuotiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Ukrainaga nafaqat moliyaviy yordam va qurol uzatmoqda, balki rus nishonlari haqida razvedka ma’lumotlari bilan ham o’rtoqlashmoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bundan xabardor ekanini, AQSh bilan bir qatorda Britaniya va NATOga a’zo boshqa mamlakatlar ham shunday qilayotganini aytdi.
Xususan, “Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, AQSh Ukrainaga uzatgan razvedka ma’lumotlari yordamida Ukrainada bir necha rus generali o’ldirilgan. Gazeta ularning ismini oshkor etgani yo’q.
Peskovning aytishicha, Ukrainaga razvedka ma’lumotlari uzatilayotganiga qaramay, Rossiya Donetsk va Lugansk viloyatlarini “ozod etib”, belgilangan barcha maqsadlarga erishadi.