AQSh tahlilchilari: Ukrainada rus askarlarining ruhi tushgan

  • Amerika Ovozi

Amerikalik tahlilchilarning aytishicha, Ukrainaning shimoli-sharqdagi Xarkov viloyatida qo’lga kiritgan so’nggi taktik g’alabalari rus qo’shinlarining chekinishiga olib keldi, rus armiyasi saflarida sarosima kuzatilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 13-sentabr, 2022-yil

“Ruslar logistika, strategiya va taktika jihatidan xato qilgan ko’rinadi. Hamma narsa to’kilyapti hozir. Ularning saflari to’kilyapti, askarlar chekinarkan qurol-yarog’, texnikani tashlab qochishyapti”, - deydi Jorjiya shtatidagi Avgusta universitetidan siyosatshunos Kreg Albert.

AQSh armiyasining iste’fodagi generali, Amerikaning Rossiyadagi sobiq harbiy attashesi Piter Zvak nazarida, so’nggi kunlarda rus askarlarining ruhi tushgan.

“Ayrim joylarda ruslarning mag’lubiyatga uchrashi qolgan qismlarga salbiy ta’sir qilyapti. Yuqoridan qanday buyruqlar kelishidan qat’i nazar askarlar jang qilishni istamayotganini ko’ryapmiz. Ahvol chatoq”, - deydi Zvak.

Ba’zilar nazarida, G’arbdan qo’shimcha qurol olish uchun Ukraina armiyasida jang maydonida muvaffaqiyatga ehtiyoj bor edi.

“Katta hududlar qaytarildi. G‘arb Ukrainaga qo’shimcha yordam, harbiy yordam berishni muhokama qilayotgan bir paytga to’g’ri keldi bu”, - deydi Vashingtondagi Gudzon instituti tahlilchisi Lyuk Kofi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning bir kun oldin Xarkovda issiqlik elektrostansiyasiga hujumini qoraladi. Natijada viloyatning katta qismi suvsiz, chiroqsiz qoldi.

“Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga hujumi umidsizlikdan nishonadir. Jang maydonida yutqazayotganda odatda shunday qilishadi. Aqli raso qo’mondon 30 million dollarlik ballistik raketalarni Ukrainani bir necha soatga elektr quvvatidan ayirish uchun qo’llashga maslahat bermaydi”, - deydi tahlilchi Kofi.

Meksikaga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Ukraina qarshi hujumining ilk kunlaridayoq sezilarli yutuqlarga erishdi. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Ukrainaga harbiy yordam berishda davom etadi.

Xabarlarga ko’ra, rus armiyasi chiqqanidan so’ng ukrain askarlari egallagan hududlarda aholi filtratsiya qilinadi - Rossiya pasportlarini olgan va rus qo’shinlari bilan hamkorlik qilgan odamlar jazolanadi. Izyum shahrida filtratsiya 10 kun davom etishi, shundan keyingina shahardan qochgan aholiga uylariga qaytishga ruxsat berilishi aytilmoqda.

Ukraina AQShdan “HIMARS” tizimi uchun 300 kilometrgacha uchadigan raketalar berishni so’rayapti. Bunday raketalar Rossiyaning bir necha shaharlari hamda Qrimni nishonga olish imkonini beradi.

Rossiya AQSh va Britaniyani Ukrainaga harbiy rejalashda yordam berayotganlikda ayblamoqda.