Payshanba kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga xavfsizlik bobida qo’shimcha yordam berilishi va Ukrainadan qochayotgan odamlarga ko’maklashayotgan tashkilotlar uchun 53 million dollar ajratilishi haqida e’lon qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Shu kungacha xavfsizlik uchun 1 milliard dollar ajratildi. Mudofaa uchun qo’shimcha qurollar Ukrainaga yetkazilmoqda. Zirhga qarshi va havo mudofaasi uchun qurollar bilan ta’minlash xususida ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan gaplashyapmiz”, - dedi Bayden.
AQSh Yevropadagi qo’shinlari va NATO a’zolariga qarshi ehtimoliy hujumni qaytarish uchun “Patriot” rusumidagi havo mudofaasi tizimining ikkita batareyasini Polshaga yuborgan.
Polshaning Ukraina bilan chegarasiga yaqin o’rmonli Karpat tog’larida minglab AQSh askarlari joylashgan. 4 ming amerikalik harbiyga mezbonlik qilgan bu mamlakatga so’nggi haftalarda qo’shimcha 5 ming askar yuborilgan. Yevropada esa AQSh qo’shinlarining umumiy soni 100 mingga yetdi.
NATO bu bilan o’z hududlarini himoya qilishda qat’iyatini ko’rsatmoqchi. Biroq ko’plar tasodifiy to’qnashuvdan xavotirlanmoqda.
“NATO Ukraina hududiga kirmasligini bildirgan, biroq G’arb qurollari NATOga a’zo mamlakatlar orqali Ukrainaga oqib kiryapti. Putin bunday harbiy yordamni aralashuv deb ko’rishi yoki ko’rayotgan bo’lishi mumkin. Putin taktik yadro qurollarini NATO kuchlari yoki NATO hududiga qarshi qo’llashi ehtimoli muhokama qilinyapti. Shunday bo’lsa, batamom yangi dunyoga yuz tutamiz”, - deydi Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Konstans Stelzenmyuller.
NATOda siyosiy rejalash bo’limini bir paytlar boshqargan Fabris Potyening aytishicha, alyans Putinga yadroviy shantaj qilishga ruxsat bermasligi kerak.
“Keyingi gal Putin NATOdagi ittifoqchi mamlakatga ham hujum qilmasligiga kafolat bormi?” – deydi u.
Ukraina uzoq yillar davomida Rossiya va NATO o’rtasida o’ziga yarasha bufer zonasi bo’lib kelgan. Agar Putin qo’shni mamlakatni egallab olsa, Rossiya va NATO askarlari orasidagi masofa keskin qisqaradi. Chegarada to’siq yo’q – faqat tog’lar va o’rmonlar.
So’nggi kunlarda Ukrainani 2 milliondan ziyod odam tark etgan bo’lsa, Polsha 1,2 milliondan ko’pini qabul qildi, Ruminiyaga salkam 300 ming odam o’tgan.
Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 mamlakat rahbarlari Fransiyada ikkinchi kun majlis qilarkan, Ukrainadagi mojaro, Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarning Yevropaga ta’siri, rus yoqilg’isiga tobelikdan qutulish yo’llarini muhokama qildi.
Ittifoq rahbarlari Ukrainaning tashkilotga tezkor kirish iltimosini rad etdi. Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ruttening aytishicha, ittifoqqa tezkor qo’shilish mexanizmining o’zi yo’q.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ko’ra, urush holatidagi Ukrainani tashkilotga qabul qilishning imkoni yo’q.
Yevropa Parlamenti prezidenti Roberta Metsola Rossiyaning Ukrainaga hujumini harbiy jinoyat deb atadi. Latviya Bosh vaziri Krishyanis Karinsh Rossiya gazi va neftidan voz kechishga chaqirdi, garchi bu qadam Yevropaga zarar yetkazsa-da. Yoqilg’i mahsulotlarining uchdan bir qismini Rossiyadan olayotgan Germaniya bunga qarshi.
Yevropa Ittifoqi ertaga sanksiyalarning 4-paketi qabul qilinishini bildirdi. AQSh va "Katta Yettilik" guruhi a'zolari kabi ittifoq Rossiya bilan savdo va iqtisodiy aloqalardagi imtiyozlarni bekor qiladi. Bundan tashqari, qimmatbaho buyumlarning Rossiyaga eksporti hamda Rossiyadan temir va po'lat mahsulotlari importi to'xtatiladi, Moskvaning kriptovalyuta bozoridagi faoliyatiga zarba beriladi.
G’arb kuzatuvchilari Kiyev tevaragida rus qo’shinlarining 60 kilometrga cho’zilgan kolonnasi bir necha kun turib qolganini ta’minot tizimining uzilgani, yomon ob-havo va ukrain harbiylarining hujumlari bilan izohlab kelgan edi.
Sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlardan ma’lum bo’lishicha, kolonna qismlarga bo’linib turli yo’nalishlarda harakatga tushgan.
Britan razvedkasiga ko’ra, ular Kiyevni qurshovga olmoqda, shaharga bir necha kilometrga yaqinlashgan. Fransuz mutaxassislari Rossiya qo’shinlari logistika va razvedka sohalarida muammolarga duch kelayotganiga ishora qiladi.
"Kiyev uchun jang arafasidamiz. Kolonnani bir necha kundan beri kuzatyapmiz. Rossiya Kiyevni qo’lga kiritish uchun shaharda jang qilishga, uni qamalga olishga tayyormi? Agar ruslar shaharga qo’shin kiritsa, o’ta qonli olishuv bo’ladi”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Matyo Buleg.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xavfsizlik kengashining virtual majlisida Ukraina kuchlariga qarshi jang qilmoqchi bo’lgan xorijliklarni jalb qilishga hamda Ukraina sharqidagi bo’lginchilarga qo’lga kiritilgan G’arb qurollarini topshirishga ruxsat berdi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, Yaqin Sharqda 16 ming ko’ngilli Rossiya tarafida jang qilishni istaydi.
BMTning Inson huquqlari idorasiga ko’ra, Rossiya Ukrainaning aholi yashaydigan hududlarida kassetali o’q-dori qo’llayotganiga ishora qiluchi dalillar qo’lga kiritilgan.
"Kassetali o’q-dorini mojaroda qo’llash xalqaro gumanitar qonunlarga ziddir. Rossiyaga shuni eslatmoqchimizki, aholi va aholi obyektlariga bevosita hujumlar hamda shahar va qishloqlarni bombardimon qilish va tartibsiz hujumlarning har qanday ko’rinishi xalqaro qonunga xilof bo’lib, urush jinoyatlariga tenglashtirilishi mumkin”, - deydi tashkilot so’zlovchisi Liz Trossel.
Unga ko’ra, Ukrainada 549 fuqaro nobud bo’lgan.
Rossiyani Ukrainadagi urush uchun qo’shimcha ravishda jazolash maqsadida Amerika prezidenti bugun yana bir necha choralarni e’lon qildi.
"Rossiya iqtisodiyotining bir necha muhim jabhasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar importini man qilishga qaror qildik. Dengiz mahsulotlari, aroq, olmos shular jumlasidan. Putinni iskanjaga olishda davom etamiz. “Katta Yettilik” guruhi Rossiyaning Xalqaro valyuta jamg’armasi va Jahon banki kabi xalqaro institutlardan qarz olish imkoniyatini yo’qqa chiqarishga harakat qiladi”, - dedi Bayden.
“Reyter” axborot agentligining xabar berishicha, “Facebook” ijtimoiy sahifasiga egalik qiluvchi AQShning “Meta Platforms” kompaniyasi ayrim mamlakatlarda “Facebook” va “Instagram”da rus askarlariga qarshi zo’ravonlikka chorlovchi da’vatlar va izohlarga vaqtincha ruxsat bergan. Xususan bundan keyin Rossiya va Belarus rahbarlarining o’limiga chaqiruvchi izohlar bloklanmaydi.
Rossiyaning AQShdagi elchixonasi Vashingtonni “Meta” platformalarida esktremistik harakatlarni to’xtatishga chaqirdi.
"Facebook” va “Instagram” foydalanuvchilari ushbu platformalar egalariga haqiqat mezonlarini belgilash va mamlakatlarni bir-biriga qarshi qayrash huquqini bermagan”, deyiladi elchixonaning “Twitter”dagi sahifasida.
So’nggi o’zgarishlar Armaniston, Ozarbayjon, Estoniya, Gruziya, Vengriya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya, Rossiya, Slovakiya va Ukrainadagi foydalanuvchilarga taalluqli.
“Meta”, shuningdek, Ukrainadagi “Azov” batalyonini olqishlashga ham ruxsat bergan. Milliy gvardiya tarkibiga kiruvchi bu qism a’zolarini Rossiya natsistlar deb biladi.
Kreml “Meta”ning bu qarorini qoraladi. Kompaniya Rossiyada ekstremistik tashkilot deb tan olinishi mumkin. Bosh prokuratura unga qarshi jinoiy ish ochdi. “Instagram” va “Facebook”ning Rossiyadagi faoliyati bloklandi. “Meta”ga qarashli “WhatsApp” aloqa ilovasi Rossiyada bloklanmasligi ma’lum bo’ldi.
Rossiya harbiy harakatlari natijasida Ukrainada aloqa tizimlariga jiddiy zarar yetishi ketidan amerikalik badavlat tadbirkor Ilon Maskning “SpaceX” xususiy fazo kompaniyasi keng polosali internet aloqani ta’minlovchi “Starlink” sun’iy yo’ldoshlarini orbitaga chiqardi.
Rossiyaning “Roskosmos” fazo agentligi AQShni RD-180 raketa dvigatellari bilan ta’minlashdan bosh tortgach Ilon Mask “Starlink” sun’iy yo’ldoshi orqali Ukrainani tezkor va bepul internet bilan ta’minlamoqda.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkilotiga ko’ra, Ukrainadagi urush sabab dunyo bo’ylab oziq-ovqat 20 foizga qimmalashadi, bu esa to’yib ovqat yemaslikni kuchaytiradi.
Agar urush cho’zilib ketsa, bug’doy yetishtirish bo’yicha dunyodagi ilg’or mamlakatlardan hisoblangan Ukrainada bu yili hosil bo’lmasligi mumkin degan taxminlar bor.
Jahon bo’ylab arpaning 19 foizi, bug’doyning 14 foizi, makkajo’xorining 4 foizi, ya’ni don mahsulotlarining uchdan biridan ko’pi Rossiya va Ukraina hissasiga to’g’ri keladi.
Rossiya o’g’itni eksport qilishda ham yetakchi mamlakat.