Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatidagi urushga barham berish uchun Rossiya bilan keng qamrovli tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirdi. Aks holda, dedi u, Rossiya bu urushdagi yo’qotishlaridan o’ziga kelishiga bir necha avlod ketadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukraina rahbari rus qo’shinlari katta talafotlar ko’rayotganini aytsa-da, Ukraina armiyasi kun-sayin hudud yo’qotmoqda, shaharlari qamalda, imoratlari vayron bo’lyapti.
Shanba kuni Rossiya ilk bor gipertovushli qurollarini qo’lladi. Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Igor Konashenkovning aytishicha, “Kinjal” raketalari yordamida g’arbdagi Ivano-Frankovsk viloyatida yer osti raketa va avia oq’-dori ombori, bugun esa Nikolayev viloyatida yirik harbiy yoqilg’i bazasi vayron bo’lgan. Gipertovushli qurollar tovush tezligidan 5 baravar tez uchadi.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo’mondonligi Ivano-Frankovskdagi hujumni tasdiqlagan, biroq qanday qurol qo’llanganini ayta olmagan.
Bugun, shuningdek, Kiyevdan g’arbda joylashgan Jitomir shahri tevaragida raketa hujumida Ukraina maxsus kuchlari tayyorgarligi lageri nishonga olingani aytilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, lagerda xorijiy yollanma jangarilar ham joylashgan bo’lib, hujumda 100 dan ziyod odam o’lgan.
“Kalibr” qanotli raketalar va “Kinjal” gipertovushli raketalar Qora va Kaspiy dengizlaridagi harbiy kemalar hamda Qrimdan uchirilgani aytilmoqda.
Mariupol port shahrida qattiq janglar kechmoqda. Ukraina Mudofaa vazirligi Azov dengizidan uzilganini bildirdi. Janubdagi Xerson, sharqdagi Izyumda ham olishuvlar kuzatilmoqda.
Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga qo’shin kiritganidan beri mamlakatni salkam 3,5 million odam tark etgan, aksariyati Polshada.
Ukraina prezidentining maslahatchisi Oleksiy Arestovichning aytishicha, tomonlarda yetarlicha jangovar qismlar bo’lmagani uchun front chizig’i muzlagan, hech bir tarafdan olg’a siljish yo’q.
Janubda Qrimga qo’shni Xerson shahri rus qo’shinlari nazoratida ekan, aholining ayrim vakillaridan yangi ma’muriyat va qutqaruv qo’mitasi tuzilgan. Kiyevdagi markaziy hukumat ularni xiyonatchi deb, jinoiy ish qo’zg’atgan. Ba’zi xersonliklar rus bosqiniga qarshi, rossiyalik askarlarga nisbatan norozilik bildirib ko’chaga chiqqan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskvaning Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyoti Ukrainaga betaraf davlat maqomini berishni ko’zda tutgan keng qamrovli xavfsizlik bitimini imzolash bilan yakunlanadi.
"Rus tili, rus tilida ta’lim berish, rus tilidagi matbuot faoliyatiga ruxsat beruvchi, natsizmni taqiqlovchi qonunlar qabul qilinadi”, - dedi Lavrov.
Unga ko’ra, AQShning harakatlari Rossiyani o’z ichiga olgan “OPEK+” tashkiloti mexanizmini o’zgartirishga olib kelmaydi.
"Amerikaliklar gaz va neft so’rab Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar kabi mamlakatlarga murojaat qilganidan xabardormiz. Bu davlatlar hamda Venesuela va Eron tashkilotda har bir a’zo mamlakat uchun oldindan kelishilgan kvota tizimini qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Lavrov.
Ma’lumki, AQSh Rossiya nefti importini taqiqlagan.
Ayrim xabarlarga ko’ra, Amerika rasmiylari Turkiya mudofaa sanoatiga qo’yilgan sanksiyalarni olib tashlash evaziga Anqaradan Ukrainaga S-400 havo mudofaasi tizimini uzatishni so’ragan. Turkiya bu tizimni AQSh va NATO e’tiroziga qaramay Rossiyadan sotib olgan edi.
Zelenskiy ittifoqchi davlatlarni Ukraina havo sarhadlarini himoya qilishga chaqirib keladi. Anqara Amerika taklifiga rasman munosabat bildirmagan, biroq ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, bunday qadam Turkiya-Rossiya aloqalarining yomonlashishiga olib keladi va Rossiya-Ukraina mojarosida vositachi bo’lishga intilayotgan Anqara AQSh taklif etayotgan yo’ldan bormaydi.
G’arb davlatlari qatorida Rossiyaga qator sanksiyalar qo’ygan Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning aytishicha, hozirgi sharoitda Prezident Putin hukumati bilan aloqalarni normallashtirish xato bo’ladi.
Konservatorlar partiyasi anjumanida so’zlagan Jonsonga ko’ra, Rossiya gazi va neftiga tobelikdan qutulish kerak.
Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi moliyaviy va iqtisodiy sanksiyalari Yevropaning o’zida ham aks-sado bermoqda. Xususan, Ispaniyada yoqilg’i, oziq-ovqat, elektr quvvatiga narxlar oshib, poytaxt Madridda minglab odam namoyishga chiqdi.
Dizel qimmatlashishi ketidan hafta boshida yuk mashinasi haydovchilari ish tashlash e’lon qildi. Ispaniyada inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida. Juma kuni Bosh vazir Pedro Sanches Italiya, Gretsiya va Portugaliya rahbarlari bilan uchrashib, yoqilg’i inqiroziga hamkorlikda yechim topishga chaqirdi.
Rim papasi Fransisk Vatikanning Avliyo Pyotr maydonida to’plangan odamlar oldida an’anaviy yakshanba murojaati bilan chiqib, Ukrainada asossiz va ma’nosiz qirg’in bo’layotganini aytdi, davlat rahbarlarini “jirkanch urush”ni to’xtatishga chaqirdi.