Kanadada yashab, ishlayotgan o'zbekistonlik Sharafiddin Karabayev "Amerika Ovozi"ga yo'llagan maktubida O'zbekistonda qurilish sohasidagi kamchiliklar, muhandislarni tayyorlash va nazorat qilish masalasi, xususan, Sardoba suv omboridagi falokat yuzasidan fikr va tavsiyalarini bildirdi.
"Amerika Ovozi" Sharafiddin Karabayevning maqolasini quyida chop etishni lozim deb topdi.
Karabayev Kanadaning Shimoli-g’arbiy hududlari hukumati infratuzilma departamentida loyihalar katta boshqaruvchisi bo'lib ishlaydi; Kanada muhandislar uyushmasi a’zosi, Kanada qurilish uyushmasining qurilish loyihalarini boshqarish bo‘yicha Oltin muhrli sertifikati sohibi.
Sharafiddin Karabayev:
O‘zbekistonda Sardoba suv omborida 1-may kuni ro‘y bergan texnogen falokat, undan oldinroq Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol oqibatida uylarining vayron bo‘lishi, Toshkent metrosi qurilishidagi fojia va boshqa ko‘plab qurilishlarda ro‘y berayotgan turli halokatlarga fikr bildirishni o‘zimning insoniy, professional va ma’naviy-ahloqiy burchim deb bildim.
Hozirda bu halokatlar qurilish sohasida chuqur ildiz otgan korrupsiya tufayli ro‘y berayotgani haqida ko‘p gapirilyapti. Masalaning bu tomonini huquqni muhofaza qilish idoralariga qoldirgan holda men bir professional muhandis va loyihalar boshqaruvchisi sifatida Sardoba suv omboridagi falokat sabablari, O‘zbekistonda qurilish sohasi, muhandislik sohasi va qurilish jarayonida muhandisning ishtiroki haqida o‘z fikr-mulohazalarimni bildirib, qurilish sohasini yaxshilash borasida ba’zi bir tavsiyalarimni bayon etmoqchiman.
Sardoba suv omboridagi falokat sabablari bo‘yicha menda ikkita taxmin bor:
1. Loyihalash jarayonidagi xatolar.
2. Qurilish jarayonida texnik me’yorlarning buzilishi.
1. Loyihalash jarayonidagi ehtimoliy xatolar
a) Suv ombori uchun noto‘g‘ri joy tanlangan bo‘lishi mumkin. Qurilish mo‘ljallangan hududda tuproqning tarkibiy qismi va xususiyatlarini aniqlash va tahlil qilish kerak edi. Qurilishning iqtisodga, odamlar hayotiga, tabiatga, iqlimga va hayvonot olamiga ijobiy va salbiy ta’sirlarini o‘rganish va tahlil qilish zarur edi. Ehtimoliy halokat oqibatlari oldindan modellashtirilib, falokat natijasida keltiriladigan zarar taxminan hisob-kitob etilishi va agar zarar miqdori katta bo‘lsa, suv ombori qurilishini boshqa joyga ko‘chirishlari lozim edi.
b) To‘g‘on devorlarining suv massasining bosimiga chidamlilik darajasi va to‘g‘on qurilishida ishlatiladigan materiallarning suv ta’sirida yemirilish darajasi to‘g‘ri aniqlanmagan bo‘lishi mumkin. Odatda suv omborlari strategik obyektlar hisoblanadi, shuning uchun ham bunday obyektni loyihalashga jiddiy yondashiladi. Bu yerda asosiy e’tibor to‘g‘on devorlarining suv massasining bosimiga chidamlilik darajasini va to‘g‘on qurilishida ishlatiladigan materiallarning suv ta’sirida yemirilish darajasini to‘g‘ri aniqlashga qaratiladi. Ya’ni to‘g‘on xam bosimga, xam eroziyaga chidamli bo‘lishi kerak. Agar qurilishda ishlatidigan materiallar yuqoridagi talablarga javob bermasa, u holda devorlar mustahkamligini oshirish uchun beton va armatura ishlatish shart bo‘ladi.
Hozirda hammaga ma’lum bo‘ldiki, Sardoba suv ombori qurilishida beton va armatura ishlatilmagan. Bu loyihalashdagi ehtimoliy xato bo‘lishi mumkin.
2. Qurilish jarayonida texnik me’yorlarning buzilishi
a) Qurilishda ishlatiladigan materiallar sifati loyihada ko‘rsatilgan standartlar va me’yorlarga mos kelmasligi mumkin. Suv ombori qurilishida ishlatilgan tuproq va shag‘al sifati loyihadagidan past bo‘lgan bo‘lishi mumkin va shu tufayli to‘g‘on devorlari bosim yoki eroziyaga dosh bera olmagan.
b) Qurilish me’yorlariga rioya etilmagan bo‘lishi mumkin. Odatda suv ombori devorlari qatlam-qatlam bunyod etiladi. Bunda har bir qatlam qalinligi 15-30 sm dan oshmasligi kerak, ya’ni har bir qatlam og‘ir zichlovchi texnika yordamida loyihada ko‘rsatilgan darajada zichlanadi va test sinovidan o‘tgandan so‘ngra keyingi qatlamni bunyod etishga kirishiladi. Agar bu qoidaga rioya etilmasa, tuproq va shag‘allarda bo‘shliqlar (g‘ovakliklar) qolib ketadi. Suv aynan shunday bo‘shliq-g‘ovakliklar orqali o‘ziga yo‘l topib va devorni teshib, buning natijasida o‘pirilish yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ba’zi xorijiy nashrlarning (BNE IntelliNews) yozishicha, Sardoba to‘g‘onining buzilishi natijasida O‘zbekistonga deyarli 1 milliard dollar zarar yetgan. Afsuski, Sardoba suv omboridagi falokat O‘zbekiston qurilishlaridagi birinchi va oxirgi fojia emas. Shuning uchun ham men bugun ko‘proq qurilishda sifatni yaxshilashga yordam beruvchi boshqa omillarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Ko‘pchilikka ma’lumki, har qanday qurilish loyihasini amalga oshirishda muhandislarning roli beqiyos. Ular loyihalarning har bir bosqichida, yangi inshootlarni loyihalashda, rejalashda, qurilishni boshqarishda, sifatni nazorat etishda va qurilgan inshootlarni qabul qilib olishda faol qatnashadi. Qurilishni loyiha asosida barcha texnik andozalar va talablarga mos ravishda muvaffaqiyatli va sifatli qilib yakunlash injenerlar zimmasidagi asosiy vazifalardan biridir. Muhandislar faoliyati faqat qurilish sohasi bilan cheklanib qolmaydi. Ular mashinasozlik, ishlab chiqarish sanoati, energetika, transport, konchilik, neft va gaz sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalarda ishtirok etadi.
O‘zbekistonda mamlakat iqtisodiyoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan muhandislik sohasi hozirgacha yaxshi tashkillashtirilmagan, muvofiqlashtirilmagan, monitoring va nazorat qilinmaydi. Injenerlik sohasi dunyoning ko‘plab davlatlarida litsenziyalangan soha hisoblanadi. Bu sohada olingan oliy ma’lumotning yolg’iz o‘zi injenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish va o‘zini injenerman deb atashga huquq bermaydi.
Misol uchun, Kanadada muhandislik bilan shug‘ullanish uchun Kanada muhandislik regulyatorlaridan (Muhandislar assotsiatsiyasi) birining litsenziyasiga ega bo‘lish kerak. Litsenziyalash uchun aniq talablar regulyator tomonidan belgilanadi. Odatda bajarilishi shart bo‘lgan beshta mezon mavjud:
1. Akademik talablar. Kanada muhandislik akkreditatsiyasi kengashi tomonidan tasdiqlangan injenerlik dasturida bakalavriat darajasi yoki shunga o‘xshash malakaga (chet davlatlarda olingan ta’lim) ega bo‘lish;
2. Ish tajribasi. Litsenziya olish uchun murojaat qilgan viloyat yoki hududda to‘rt yillik injenerlik tajribasiga ega bo‘lish;
3. Kasb va etika. Professional amaliyot (axloq va qonun) va muhandislik asoslari imtihonlarini topshirish;
4. Namunali xulq-atvor. Da’vogarlar namunali xulq-atvorni namoyish etishlari kerak;
5. Tilni bilish. Arizachilar litsenziya olish uchun murojaat qilgan viloyat yoki hududga qarab ingliz yoki fransuz tillarida ishlay bilish qobiliyatini namoyish etishlari kerak.
O‘zbekistonda ham injenerlik sohasini litsenziyalash zarur, chunki muhandislik bu - eksklyuziv, o‘ziga xos soha. Bu O‘zbekistonda nafaqat qurilish, balki iqtisodiyotning barcha sohalariga ijobiy ta’sir qiladi.
Biz tevarak-atrofimizda, hamma joyda muhandislik mahsulini ko‘rishimiz mumkin. Biz yashayotgan va ishlayotgan binolar, transport vositalari, yo‘llar, ko‘priklar, zamonaviy aloqa vositalari, turli ishlab chiqarish uskunalari aynan muhandislar tomonidan yaratiladi. Litsenziyaga ega professional injener o‘zi chizgan dizayn yoki yaratgan mahsulot sifatini kafolatlaydi va javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Misol uchun, men Kanadada injenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga egaman. Menda Kanada muhandislar uyushmasi tomonidan berilgan, mening nomim yozilgan sertifikat va shaxsiy muhrim bor. O‘zim tayyorlagan loyiha hujjatlarini muhrlayman, bu bilan men o‘z mehnatim sifatini kafolatlayman va bunga to‘liq mas’ulman. Mana shunday mas’uliyat injenerlarni har doim o‘zi ustida ishlashga, tinimsiz bilimi va malakasini oshirishga undaydi. Bu esa o‘z navbatida ular yaratayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilab, xafsizlik darajasini oshiradi. Shaxsan men Kanadada ko‘plab sanoat obyektlari, infratuzilma inshootlari, katta avtomagistrallarni loyihalashda, qurilish sifatini nazorat qilishda va davlat ahamiyatiga ega loyihalarni boshqarishda qimmatli tajribaga ega bo‘lishimga qaramasdan doim bilim va malakamni oshirib borishga harakat qilaman. Bu mening professional va ma’naviy-axloqiy burchimdir.
Xo‘sh, O‘zbekistonda bu sohada ahvol qanday, O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-sentabrdagi qaroriga (PQ-3939-son “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”) binoan tashkil etilgan. Uyushmaning maqsadi – yirik, murakkab va strategik muhim investitsiya loyihalari uchun muhandislik va konsalting xizmatlarini bosqichma-bosqich import o‘rnini bosish deb belgilangan. Mana salkam ikki yildirki, bu tashkilot keng jamoatchilikka o‘zini tanita olmadi va jamiyatda o‘z o‘rnini topa olgani yo‘q. O‘zbekistonda bunday tashkilot borligini ko‘p muhandislar haligacha bilishmaydi ham.
Men O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasiga a’zo bo‘lish uchun 2019-yilning avgustida ularga elektron pochta orqali savol yo‘lladim, ammo shu vaqtga qadar javob olganim yo‘q. Mana shuning o‘zi ham bu tashkilot faoliyati qanday darajada ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Vaholanki, bu uyushma O‘zbekistondagi barcha injenerlarni va injiniring-konsalting firmalarni a’zolikka olishi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishi va tartibga solishi zarur edi. O‘ylaymanki, agar ish shunday davom etsa, O‘zbekistonda bu soha yana ancha vaqtgacha nazoratsiz, tashkillashtirilmagan va muvofiqlashtirilmagan holda qolaveradi. O‘zbekistonda shunday muhim soha nazorat qilinmasligi hamda muhandislar malakasi va bilimining tekshirilmasligi qurilishlarda sifatning pastligi va buning oqibatida turli halokatlar sodir bo‘layotganligining sabablaridan biri desak bo‘ladi. Chunki nazorat va talab bo‘lmagan joyda sifat ham bo‘lmaydi.
O‘zbekistonda qurilish sifatini yaxshilash uchun nimalar qilinishi lozim degan savolga quyidagicha javob va taklif beraman:
1. Oliy o‘quv yurtlarida injener kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim sifatini yaxshilash. O‘quv programmalarini rivojlangan davlatlar programmalariga yaqinlashtirish.
2. O‘zbekistonda muhandislik sohasini litsenziyalash. Litsenziya bu mas’uliyatdir. Ishda xatoga yo‘l qo‘yish esa litsenziyadan mahrum bo‘lishga va injenerlik faoliyatining to‘xtatilishiga olib keladi. Bunday holatda har bir muhandis mas’uliyatni o‘n chandon ortiqroq his etadi, yetti o‘lchab bir kesadi. Sifatsiz materiallarni ishlatishdan bosh tortadi, qurilish standartlari va normativlariga javob bermaydigan obyektlarni qabul qilib olmaydi.
3. Qurilish loyihalarini boshqarishni haqiqiy professionallarga topshirish. Katta lavozimda ishlayotgan amaldorlarning hammasi ham loyihalarni boshqarishda bilim va malakaga ega emas, ko‘p holatlarda ular tomonidan noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinayotganiga, ishlar rejasiz va mantiqsiz ravishda olib borilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Professional loyiha boshqaruvchilari loyihani integratsiyalashgan holda boshqarish, loyihani jadval asosida boshqarish, loyiha xarajatlarini boshqarish, loyiha sifatini boshqarish, loyiha resurslarini boshqarish, loyihalarda xavf-xatarlarni boshqarish kabi ko‘plab bilimlarga ega bo‘lishi zarur.
4. Qurilish loyihalarini yakunlash muddatini qandaydir bayramlarga to‘g‘rilash tajribasidan voz kechish lozim. Qurilish jarayonining o‘z qonun-qoidalari bor va ularning bayramlarga xech qanday aloqasi yo‘q.
5. Qurilish loyihalari bo‘yicha shaffof tenderlar tashkil etish.
6. Qurilish bo‘ladigan joyni tanlashga ilmiy nuqtai nazardan yondashish, to‘liq geologik tadqiqotlar o‘tkazish, qurilish mo‘ljallangan hududda tuproqning tarkibiy qismi va xossalari, xususiyatlarini aniqlash va tahlil qilish kerak. Qurilishning iqtisodga, odamlar xayotiga, tabiatga, iqlimga va hayvonot olamiga ijobiy va salbiy ta’sirini o‘rganish va tahlil qilish zarur.
7. Qurilishda sifatni boshqarishni rejalashtirish (Quality Control Management Plan). Har qanday inshootlar loyihalari, qurilish materiallari, bajarilgan ish sifatlarini nazorat qilish va qurilish jarayonini to‘g’ri tashkil etish professonal muhandislar tomonidan amalga oshirilishi zarur. Qurilish sifatini yaxshi boshqarish xatolar sonini kamaytiradi, loyihalarning o‘z vaqtida, byudjetda ko’rsatilgan mablag’ doirasida va sifatli bajarilishiga yordam beradi.
8. Inshootlarni qurishda va foydalanishda xavf-xatarlarni boshqarishni o‘rganish (Risk Management). Inshootlarni qurishdagi va foydalanishdagi xatarlarni boshqarish, xavflarning oldini olish uchun zarur bo‘lgan tadbirlarni rejalashtirish, nazorat qilish va boshqarish kerak. Buning uchun xavfni aniqlash va tahlil qilish, xavf darajasini aniqlash, xavfni boshqarish bo‘yicha choralar ko‘rish, mavjud xavflarni boshqarish va minimallashtirish lozim.
9. Loyihalarni boshqarish (Project Management) bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish va malakali mutaxassislarni tayyorlash kerak. Loyihalarni boshqarish bu alohida fan va bu jiddiy sohadir.
Albatta, bitta maqolada qurilish sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan hamma ishlarni sanab berish imkonsiz. Lekin shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistonda qurilish sohasi tub islohotlarga muhtoj. Bu jarayonda rivojlangan davlatlar tajribasiga murojaat etish juda foydali bo‘ladi.