Saudiya Arabistonida o’tgan hafta 40 dan ortiq muxolifatchi-dissidentlar, jumladan shia ulamosi qatl etilgani shuni ko’rsatadiki, qirol oilasi uchun barqarorlik birinchi o’rinda.
Your browser doesn’t support HTML5
Ommaviy qatl tuzum tanqidchilariga ham ogohlantirish sifatida ko’riladi. Norozilik namoyishlari Saudiya Arabistonining shia hududlariga tarqalishi mumkin.
Namoyishlar ketidan Saudiya Arabistoni Erondan diplomatlarini chaqirib oldi. Shia imom Nimr al-Nimrning o’ldirilishi Yaqin Sharq bo’ylab aks-sado bermoqda.
Sharhlovchilar nazdida Saudiya Arabistoni - notinchlik bilan o’ralgan o’lka - 46 odamni qatl etib, o’z kuchini, salohiyatini ko’rsatmoqchi bo’ldi. Isyonlar chegara osha monarxiyaga yetib keladi degan qo’rquv bor. Ozchilikdagi shia aholi ko’pdan beri tenglik va adolat talab qiladi.
Misrlik jurnalist Xalifa G’aballa deydiki, Saudiya Arabistoni shialar yashovchi sharqiy hududlarida qo’zg’olon boshlangudek bo’lsa, uni bostirishga kuchimiz yetadi deya uqtirmoqda.
Fors qo’ltig’idagi Bahrayn arab shayxligida aholining 70 foizi shialardan iborat, ammo hukumat sunniylar qo’lida. Orolda Saudiya Arabistoniga qarshi namoyishlar bo’lib o’tdi, lekin rahbariyat baribir al-Saud qirolligi bilan do’stona aloqada.
Bahrayn qatorida Birlashgan Arab Amirliklari, Sudan va Quvayt Eron bilan diplomatik aloqani uzdi. Tehronda qirollik elchixonasiga namoyishchilar bostirib kirgan.
Tahlilchilarga ko’ra, Saudiya hukumatining xavotirlari bejiz emas. Qo’shni davlatlardagi shia guruhlar Nimr al-Nimrning o’limi uchun qasos olmoqchi.
“Mojaro Yaqin Sharq bo’ylab aks-sado berayapti. Tezda hal qilinmasa, olov singari mintaqaning boshqa qismlariga ham tarqaladi”, - deydi “Masri al-Ayum” gazetasi muharriri Xalifa G’aballa.
Boshqalar nazarida esa Saudiya Arabistonida ommaviy qatl ijro etilgani shialarni qo’rqitish uchungina qilingan ish emas. O’limga hukm etilganlarning ko’pi terrorizmda ayblangan, jumladan al-Qoidaga a’zolikda. Al-Qoida esa sunniy guruh.