Riyod AQSh Kongressidagi musulmon qonunchilarni tahdid sifatida ko'rmoqda

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni o’tgan noyabr saylovlarida AQSh Kongressiga saylangan ikki musulmon ayolga hujumidan hali afsuslanishi mumkin. Minnesota shtatida Demokratik partiyadan saylangan Ilhan Umar Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasiga kirdi. Ushbu qo’mita Saudiya Arabistoniga qurol sotishni to’xtatish vakolatiga ega. Michigan shtatidan saylangan Rashida Tolib esa Isroilning Falastinga nisbatan siyosatini hali ko’p nishonga oladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Kongressdagi muslimalar ba'zi davlatlarga tahdid bo'lishi mumkin

14 yoshda Afrikaning Somali davlatidan AQShga oilasi bilan qochqin sifatida kelgan Ilhan Umar va falastinlik amerikaliklar oilasida tug’ilgan Rashida Tolib saylovdagi g’alabalaridan beri Saudiya Arabistoni qirolligi nazoratidagi va unga xayrixoh matbuot organlari va arboblar tanqidiga uchramoqda.

Saudiyalik diplomatlardan birining “Twitter”da fikr bildirishicha, Ilhan Umar siyosiy islom targ’ibotchilaridan hisoblangan “Musulmon birodarlar” harakati tarafdori bo’lib, Fors ko’rfazidagi arab davlatlariga yomon ko’z bilan qaraydi.

Qirol oilasiga yaqin odamlar tomonidan yuritiluvchi “Al Arabiya” televizion axborot kanali ham AQSh Kongressidagi ikki musulmon ayolga hujum qildi. Unga ko’ra, “Musulmon birodarlar” o’z agentlarini Amerika qonunchilik organiga suqib, Saudiya Arabistoni hamda Prezident Trampning qirollik bilan hamkorligiga putur yekazmoqchi. Saudiyaga qo’shni Birlashgan Arab Amirliklarida ham o’xshash maqolalar chop etildi.

Ilhan Umar va Rashida Tolib o’zlarini demokratik sotsialistlar deb ataydi. Tashqi aloqalar qo’mitasi savol-javobida qatnasharkan u Saudiya Arabistoni kabi inson huquqlarini toptaladigan davlatlarga qurol sotishni to’xtatish uchun kurashini ekanini aytdi.

Bu ikki muslima demokrat qonunchi sifatida AQSh Kongressiga yetib kelgancha ham qarshiliklarga uchraganiga qaramay qonunchilikdagi birinchi musulmon ayollar.

“Demokratlar respublikachilar nazoratidagi Kongressda ustunlikka erishish maqsadida siyosiy islomiy harakatlar bilan ittifoq tuzib, ozchilikdagi muhojir jamoalardan musulmon nomzodlar va faol ayollarni siyosiy sahnaga olib chiqdi”, - deyiladi “Al Arabiya” nashrida.

Ikki muslima Kongress a'zolari tarafdorlari Saudiya matbuotining ularga qarshi kampaniyasini haqorat va tahqirlash deya qoralaydi. Ular har ikki qonunchining ijtimoiy progressiv qarashlarga ega ekanini, ayni jins vakillari o’rtasidagi munosabatlar va ayollar huquqlari targ’ibotchilari ekanini aytib, bunday pozitsiya siyosiy islom tamoyillariga zid ekanini ta’kidlaydi. Aslida, deydi ular, muslima Kongress a'zolarining qirol xonadoni vakillari va, ayniqsa, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonga nisbatan tanqidlari bu ayollarni Saudiya hukumati nishoniga aylantirdi.

Ilhan Umar ham, Rashida Tolib ham Prezident Trampning saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining qotilligiga munosabatini keskin tanqid qilgan.

“Saudiya hukumati ayollar, ozchilikdagi guruhlar, faollarga nisbatan kundalik jinoyatlarini, Yamandagi genotsidni ustalik bilan niqoblashni uddalagan bo’lishi mumkin, ammo Jamol Qoshiqchining o’limidan so’ng bunday jinoyatlarga ortiq yo’l qo’ymaslik kerak”, - deya “Twitter”da yozgan edi Ilhan Umar.

Tramp saudiyalik jurnalistning Istanbuldagi vakolatxonada o’ldirilgani uchun Saudiya Arabistonini qattiq jazolashgacha bormadi. Qotillikka aloqadorligi gumon qilingan 17 nafar saudiyalikka nisbatan sanksiya e’lon qilindi, biroq Riyod bilan strategik munosabatlarni ustun qo’ygan Tramp kattaroq jazoga qo’l urmadi.

Kongressdagi bu ikki yangi qonunchi faqat Saudiya Arabistonini nishonga olayotgani yo’q. Ular Isroil siyosatini ham tanqid ostiga olib, yahudiy davlatini boykot qilish, Isroilga sarmoya kiritmaslik, sanksiya qo’llash siyosati tarafdorlari.

Rashida Tolib Isroil yoki tenglik va adolatga qarshi chiquvchi har qanday davlatga qurol sotish rejasiga qarshi chiqishini aytadi.

“Mening buvim Falastinda yashaydi. Buvimni qadr-qimmatidan, huquqlaridan, tibbiy yordam olishi uchun nazorat punktlaridan o’tishga majburlab, harakatlanish erkinligidan ayirgan davlat uchun har qanday yordamni o’z ichiga olgan hujjatga qarshi ovoz beraman”, - deydi u.

Tolib nazarida, harbiy kuch inson huquqlarini himoya qilishga majburlashda qo’llanishi kerak, biroq Qo’shma Shtatlar na Isroil va na Saudiya Arabistonini yo’lga solishni uddalamoqda.