27-sentabr kuni AQShda prezidentlikka da’vogarlik qilayotgan respublikachilarning ikkinchi teledebati o’tkaziladi. Tadbir AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan kutubxonasida o’tkaziladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Reygan – respublikachilar ardoqlaydigan sobiq rahbarlardan.
Siyosiy karyerasining boshida liberal va demokrat qarashlarga ega bo’lgan aktyor Respublikachilar partiyasiga o’tib, Kaliforniyada ikki muddat gubernator bo’lib ishlaydi, so’ng ikki marta prezidentlikka saylanib, sakkiz yil davomida konservativ qarashlarni targ’ib qiladi.
“Amerika tarixida eng sevimli respublikachi prezident sifatida Reygan Avraam Linkolndan ham o’zib ketgan”, - deydi sobiq rahbar bilan ishlab, u haqida oltita kitob yozgan Kreg Sherli.
Unga ko’ra, prezidentlikka da’vo qilayotgan hozirgi respublikachilar navbatdagi teledebatda o’zini Reyganga qiyoslashga harakat qiladi.
Teledebatda bu gal kimlar qatnashadi? Nyu-Jersi sobiq gubernatori Kris Kristi, Florida gubernatori Ron Desantis, Janubiy Karolinadan AQSh senatori Tim Skot, Janubiy Karolina sobiq gubernatori Nikki Xeyli, sarmoyador Vivek Ramasvami va sobiq vitse-prezident Mayk Pens.
Reytinglarda barcha nomzodlardan salkam 50 foiz oldinda ketayotgan sobiq prezident Donald Tramp raqiblari bilan yuzma-yuz tortishuvni ikkinchi bor qoldiradi. U shu kuni Michigan shtatining Detroyt shahrida avtomobil sanoati ishchilari oldida nutq so’zlaydi.
Birinchi debatda o’zini yaxshi ko’rsata olmagan va reytinglarda oqsayotgan Shimoliy Dakota gubernatori Dag Burgum va Arkanzas shtati sobiq gubernatori Asa Xatchinson Kaliforniyadagi tadbirga taklif etilmadi.
AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli siyosatda birinchi qadamlarini qo’yayotgan Ramasvamini siyosiy tajribasizlikda aybladi. Shunga qaramay, tadbirkor birinchi teledebat g’olibi deb tan olindi.
Uning nazarida, AQSh Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan ko’ra Xitoy tahdidiga kattaroq e’tibor qaratishi zarur.
Tramp so’rovlarda yaqqol peshqadam bo’lsa-da, uch shtat va poytaxt Vashington sudlarida turli ishlar bo’yicha ayblovlarga yuz tutmoqda. Ayrim kuzatuvchilar nazarida, prezidentlikka da’vogar respublikachilar Trampning poygadan chiqishiga umid qilmoqda, ammo aksariyati sobiq prezidentga bevosita hujumdan o’zini tiyadi.
Chorshanba kuni bo’ladigan teledebatda respublikachi nomzodlarning asosiy nishoni Prezident Jo Bayden bo’ladi. Bugun 80 yashar siyosatchi Michigan shtatida 11 kundan beri ishga chiqishdan bosh tortayotgan avtosanoat ishchilari bilan ko’rishmoqchi. Tramp uning bu qarorini tanqid qilib, Bayden Tramp Michiganga borayotgani uchungina u yerdagi ishchilar bilan ko’rishishga qaror qilganini aytadi.
Detroyt shahrida “Ford”, “General Motors” va “Chrysler”ga egalik qiluvchi “Stellantis” avtomobilsozlik kompaniyalarining zavodlari joylashgan. Ishchilar manfaatlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalar maoshlarni 40 foizga oshirishni talab qilmoqda, biroq kompaniyalar hozircha 20 foizga rozi.