Hosildorlikni oshirish uchun suvni to'g'ri taqsimlash kerak, deydi olimlar

  • Amerika Ovozi

O'zbek fermerlari. Chinoz.

Kichik ko’lamli irrigatsiya tizimi Afrika va Janubiy Osiyo fermerlari daromadini milliardlab dollarga oshirishi mumkin. Bu - yangi tadqiqot xulosalaridan.



Tadqiqotni bu yilgi Stokgolm suv sovrinini qo’lga kiritgan Suv menejmenti xalqaro instituti o’tkazgan. Kichik ko’lamli irrigatsiya tizimlari dehqonlarni iqlim o’zgarishidan asraydi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi, deyiladi hujjatda.

Butun dunyo bo’ylab oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib bormoqda. Buning bir sababi Osiyoda yog’ingarchilik kamligi bo’lsa, yana biri – AQShdagi qurg’oqchilik.

Institutning Afrika bo’yicha bosh mutaxassisi Timoti Uillyams so’zlariga ko’ra, 2008-yilga qadar uzoq muddat oziq-ovqat mahsulotlari narxi past va barqaror bo’lgan.

“O’sha vaziyat natijasida qishloq xo’jaligidagi izlanishlarga ajratiladigan mablag’ qisqartirildi. Butun dunyoda oziq-ovqat zaxiralari kamaydi. Oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi yirik mamlakatlarning ba’zilarida ob-havo yomon keldi, savdo sohasidagi ayrim shartnomalar ahvolni og’irlashtirdi. Oxir-oqibat 2008-yilgi vaziyat vujudga kelgani tabiiy”.

Oziq-ovqat sohasida boshlangan tanazzul 2009-yilda ham davom etdi. Narxlar haliyam pasayganicha yo’q.

“Past narxlar davri tugadi desa bo’ladi. Kelasi yillarda oziq-ovqat narxi oshishda davom etadi. Buning oqibatida rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi kambag’allar ahvoli og’irlashishi muqarrar. Axir ular daromadining to’rtdan uch qismini oziq-ovqatga sarflaydi,” - deydi Uillyams.

“Suv - boylik va oziq-ovqat xavfsizligi uchun” deb nomlangan hisobotga ko’ra, suv zaxiralarini boshqarish texnologiyalari hosildorlikni ayrim hollarda 300 foizgacha oshirishi mumkin.

Texnologiyalar esa katta mablag’ talab qilmaydi, deydi suhbatdosh. Gap yer osti suvlar uchun motorli nasoslar, yomg’ir suvini to’plash, yerni sug’orish uchun bir necha fermer foydalanadigan kichik suv rezervuarlarini qurish haqida.

Ular 1960-yillarda, dunyoning ko’pgina mamlakatlari mustaqillikka erishganidan so’ng barpo etilgan bahaybat irrigatsion tizimlardan tubdan farq qiladi.

Kichik ko’lamli texnologiyalar ayniqsa ayol fermerlar uchun foydali, deydi Uillyams. Rivojlanayotgan mamlakatlarda aynan ayollar oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiradigan asosiy kuchdir:

“Ayol fermerlar uchun imkoniyatlar yaratilsa, nafaqat qishloq xo’jaligidagi vaziyat yaxshilanadi, balki har bir oila iste’mol qiladigan ovqat sifati oshadi. Chunki ayollar nafaqat bozor uchun, balki o’z oilasi uchun meva-sabzavot yetishtiradi”.

Nisbatan arzon, ya’ni bir necha yuz dollar turadigan bunday texnologiyalarni sotib olishga aksariyat ayollarning qurbi yetmaydi. Uillyams deydiki, Suv menejmenti xalqaro instituti fermerlarga kreditlar ajratadi.

Irrigatsion tizimlar uch yillik “AgWater” tadqiqotlar tashabbusining bir qismi. Tashabbus uchun mablag’ni Bill va Melinda Geyts jamg’armasi ajratgan. Unda BMT, Jahon oziq-ovqat tashkiloti va Oziq-ovqat siyosati xalqaro tadqiqotlar instutiti ham ishtirok etadi.