67 yoshli Solijon Abdurahmonov, Qoraqalpog'istondan o'tkir materiallar uzatib tanilgan jurnalist, qariyb 10 yillik tutqunlikdan so'ng bugun ozod etilgan. U Qarshi shahridagi Shayxali qamoqxonasida o'tirgan edi. Abdurahmonov 2008-yilda giyohvand moddalar savdosida ayblanib, 10 yilga qamalgan.
Solijon Abdurahmonov qator axborot vositalariga ishlagan, jumladan "Amerika Ovozi" radiosiga ham. U Qoraqalpog‘istondan turib ishonchli ma'lumot uzatgan, og'ir muammolarni yoritgan sanoqli mustaqil muxbirlardan biri edi.
Jurnalist "Ozodlik" radiosi va Uznews.net nashri bilan ham hamkorlik qilgan.
U 2008-yilning 7-iyunida hibsga olinganida, mashinasidan narkotik moddalar chiqqan, deya iddao qilingan.
Abdurahmonov bu aybni hech qachon bo'yniga olmagan. Uningcha, bu moddalar organlar tomonidan ataylab tashlab qo'yilgan.
Jurnalistning narkotik iste’mol qilmagani tibbiy jihatdan isbotlangan va keyinchalik u narkotik moddalar savdosi bilan shug'ullanganlikda ayblangan.
Kecha yana bir siyosiy mahbus, A'zam Farmonov ozod etilgan edi.
Xalqaro hamjamiyat, jumladan inson huquqlari tashkilotlari va AQSh hukumati bu qarorlarni olqishlab, O'zbekistonda islohotlar jadallashadi va davom etaveradi, degan umidda.
Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi kecha bergan bayonotida jumladan shunday deyiladi:
“Bu yangilik Muhammad Bekjonov, Murod Jo‘rayev, Erkin Musayev, Jamshid Karimov va boshqa uzoq muddat qamoqda ushlangan vijdon tutqunlari ozodlikka chiqarilgani ortidan ma’lum bo‘ldi. Biz bunday ijobiy qadamlarni ma’qullaymiz, ular kelgusida boshqa mahbuslarning ozod etilishi va fuqarolik jamiyatiga ochiqroq yondashuv uchun ishora ekaniga umid bildiramiz. Ko‘plab xalqaro inson huquqlari guruhlari A’zam Farmonovning 2006-yili shubhali ayblovlar bilan uzoq muddat ozodlikdan mahrum etilganiga alohida ahamiyat berib keldi. 2013-yili BMT Qiynoqlarga qarshi komissiyasi ham Farmonovni ozod etishga chaqirgan edi. Qo‘shma Shtatlar Prezident Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotida ta’kidlagani kabi, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlashga sodiq ekanini e’tirof etadi. Biz bundan keyin ham keng ko‘lamli siyosiy, ijtimoiy va inson huquqlari borasidagi islohotlarda izchil barqarorlik va taraqqiyot bo‘lishiga umid qilamiz”.