Hafta boshida Shimoliy Koreya bilan otishmadan so’ng Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Ta Yong ishdan bo’shagan. U vaziyatni eplay olmaganlikda, qo’shni kommunistik davlat hujumiga tezkor javob qaytarmaganlikda keskin tanqid ostida edi.
Seshanba kuni Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaning Yonpyong orolini o’qqa tutib, to’rt kishi halok bo’lgan, bir necha bino yonib ketgan edi.
Rasmiy Seul hujumga uchragan orol atrofiga qo’shin tortmoqda. Kelgusida shimoldan har qanday xurujga agressiv javob qaytarishga ruxsat berish masalasi muhokamada.
Xitoy ikki davlatni bosiqlikka chaqirsa-da, hech kimni aybdor qilmoqchi emas. Urushning hech kimga keragi yo’q, deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xong Li.
Odamlar jabr tortgani afsuslanarli hol, deydi Xong Li.
Ba’zilar nazarida oroldagi ixtilof BMT Xafvsizlik Kengashida muhokama qilinishi kerak. Xitoy hukumati tinchlik yo’lida har tomon bilan, xalqaro hamjamiyat bilan ishlashga, mojaroga yechim izlashga tayyor.
Xitoy Sog’liqni saqlash vaziri Chen Ju kecha Shimoliy Koreyada bo’lib rasmiylar bilan uchrashgan. Biroq Xitoy Tashqi ishlar vaziri Yang Jichi joriy hafta Janubiy Koreyaga safarini bekor qilgan. Ish jadvaliga tuzatish kiritdik, deya tushuntiradi rasmiy Pekin.
Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Kim Yong Sun Pekin qaroridan taajjubda. Seul Xitoydan asosli izoh kutmoqda.
Xitoy Shimoliy Koreyaning yaqin hamkori. Qo’shma Shtatlar rasmiy Pekinni Pxenyanni yadroviy izlanishlardan voz kechishga ko’ndirishga undab keladi. Biroq Xitoy diplomatik chora tarafdori.
Yakshanba kuni Qo’shma Shtatlar va Janubiy Koreya Sariq dengizda qo’shma harbiy mashqlar boshlaydi. Unga ikki davlat harbiy havo kuchlari va dengiz floti jalb qilinadi. Bu tadbir kommunistik davlatga ogohlanitirish sifatida talqin qilinadi.