Obama va demokrat senatorlar START kelasi yilgacha tasdiqlanadi degan umidda

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibasi Xillari Klinton senator Jon Kerri bilan, Kongress, 17 noyabr 2010

Prezident Barak Obama bugun Oq Uyda sobiq mudofaa vazirlari va yetakchi diplomatlar bilan uchrashib, AQSh va Rossiya orasida imzolangan strategik kelishuv xususida gaplashmoqda.

Kelasi yildan boshlab Kongressda ko’proq o’ringa ega bo’ladigan Respublikachilar partiyasi demokrat prezident olg’a surgan bu shartnomaga qarshilik bildirmoqda. Obama hujjat yil oxirigacha ratifikatsiya qilinadi degan umidda.

START, yadroviy qurollar sonini cheklashga qaratilgan shartnoma. U dunyo tinchligi uchun juda muhim kelishuv, deydi Barak Obama.

Davlat kotibasi Xillari Klinton kecha Kongressda bo’lib, respublikachi va demokrat qonunchilarga hujjat nima uchun zarur ekanini yana bir eslatdi.

“Uni tasdiqlashni kechiktirish to’g’ri emas, vaqtni boy berish qimmatga tushadi”,- deydi Xillari Klinton.

Vitze-president Jo Bayden Kongress bitimni tasdiqlamasa, Rossiya qo’lida qancha va qanday yadro qurollari borligi haqida aniq axborotga ega bo’lmaymiz deya ogohlantirmoqda. Vitse-prezident fikricha Rossiya bilan bu borada kelishuvga ega bo’lmaslik Amerika xavfsizligiga tahdid soladi.

Respublikachi senator Jon Kayl STARTni tanqid ostiga olayotgan va uni tasdiqlamaslik kerak deb chiqayotgan arboblardan biri

Hujjat shu yilning aprel oyida Pragada ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan edi. Dunyoda yadroviy qurollarning 90 foizidan ortig’iga egalik qilivchi AQSh va Rossiya arsenalini 30 foizga kamaytirishga kelishib olgan. Bitim nafaqat Kongress balki Rossiya parlamenti tomonidan ham ratifikatsiya qilinishi kerak.

Senatda tashqi aloqalar bo’yicha qo’mita raisi Jon Kerrining aytishicha, STARTni tasdiqlash hozirgi Kongress zimmasida. “Biz uni ko’rib chiqqanmiz, hisobotlar olganmiz va hujjat uchun tezlikda ovoz berishimiz kerak”,- deydi senator Kerri.

Bosh demokrat senatorlar ham ratifikatsiyani kechiktirmoqchi emas. Kelasi yildan Vakillar Palatasi respublikachilar izniga o’tsa-da, Senatda demokratlar ko’pchilik o’rinda qoladi.

Genri Sokolski, yadroviy qurollar masalasi bo’yicha ekspert deydiki, Kongress STARTni kelasi yilning fevral yoki mart oyida ratifikatsiya qilsa ham xavfsizlikka katta zarar yetmaydi. Gap bu yerda, har ikki partiya a’zolarining kelisha olishida, deydi u. Jarayon Rossiya uchun namuna bo’lishi mumkin, chunki Amerikada davlat organlari bir-biridan mustaqil. Prezident parlamentga buyruq bera olmaydi.

Respublikachilar nazarida qurol nazorati muhim, lekin bitimni sal o’zgartirish kerak. Asosiy xavotir shuki, deydi senator Jon Kayl, START Amerika arsenalini zamonaviylashtirish yo’lida to’siq qo’yadi.

Prezident Obama bu fikrdan yiroq. Respublikachilarni ishontirish maqsadida Obama yadro sistemani yangilash uchun 80 milliard dollar ajratishni taklif qilmoqda.