Sudanda uzoq yillik Prezident Umar al-Bashir hokimiyatdan ag'darildi, harbiylar davlat tepasiga keldi. Mamlakatda norozilik namoyishlari to'rt oydan beri davom etayotgan edi.
Davlat televideniyesi orqali murojaatida Sudan Mudofaa vaziri Avad Muhammad Ahmad ibn Auf rejim qulaganini e'lon qildi. Mamlakatni 1989-yildan beri boshqarib kelgan Umar al-Bashir hibsga olingan va xavfsiz joyda saqlanmoqda.
Sudanni navbatdagi ikki yil mobaynida muvaqqat harbiy kengash boshqaradi, deya bayonot berdi mudofaa vaziri. Mamlakatda uch oylik favqulodda vaziyat e’lon qilingan, konstitutsiya vaqtincha o’z kuchini yo’qotadi, parlament tarqatiladi.
Harbiy manbalarga ko'ra, 75 yoshli al-Bashir uy qamog’ida saqlanmoqda.
O’n minglab aholi 11-aprel kuni shahar ko’chalarida prezidentning ketishini nishonlab, ommaviy bayramlar o’tkazdi. Ayrim namoyishchilar davlat boshqaruvining harbiy kengashga o’tishiga qarshi chiqmoqda.
Davlat OAV bergan ma’lumotlarga ko’ra, Sudanning Milliy xavfsizlik va razvedka xizmati barcha siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilishini bildirgan.
O'tmishda armiya zobiti bo'lgan al-Bashir 1989-yilda yuz bergan to’ntarish natijasida hokimiyatga kelgan edi.