Vashingtonda oq millatchilar va ularga qarshilar namoyishi

  • Amerika Ovozi

Bugun AQSh poytaxti va Virjiniya shtatida oq millatchilar va ularga qarshilar namoyish qilar ekan, Prezident Donald Tramp xalqni birdamlikka chaqirmoqda.

"Bir millat bo'lib harakat qilishimiz kerak. Irqchilik va zo'ravonlikning barcha ko'rinishlarini qoralayman, barcha amerikaliklarga tinchlik tilayman", - deb yozdi prezident Twitterda.

O'tgan yili Virjiniyaning Sharlotsvil shahrida irqchilar yig'ini ketidan Tramp bergan bayonot, uning qo'l to'kilganida har ikki tomonning aybi bor va har ikki tomonda yaxshi odamlar bor, degan so'zlari keskin tanqidlarga uchragan. Zo'ravonliklarda o'shanda bir kishi halok bo'lgan edi.

Sharlotsvilda birdamlik shiori ostida xotira marosimlari o'tmoqda, shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

"O'tgan yili politsiya tartibni saqlay olmagan edi. Bu yili boshqacha, katta sonda politsiya kuchlarini ko'ryapmiz", - deydi shu shaharlik Maykl Lem.

11-avgust kuni Virjiniya Universitetida politsiya va talabalar o'rtasida keskin vaziyat yuzagan kelgan. 2017-yilning avgustida oq millatchilar tunda olov ko'tarib, universitet hududida marsh o'tkazgan edi.

Bir guruh millatchilar bugun poytaxt Vashingtonda, Oq uy qarshisida namoyish qilmoqda. Bu "oq tanlilar fuqaro huquqlari aksiyasi", deydi tashkilotchilar. Sal narida rasizm va nafratga qarshimiz deb chiqayotgan kattaroq namoyishga ko'zingiz tushadi. Politsiya bu ikki guruhni bir-biriga yaqinlashtirmaslik uchun barikadalar o'rnatgan.

Ham Vashington, ham Virjiniya namoyishlarga kuchli tayyorgarlik ko'rgan. Virjiniya gubernatori favqulodda holat e'lon qilgan edi.

"Nafrat urug'ini sochish uchun shahrimizga kelayotgan odamlar bor. Nafratni, anti-semitizmni qoralaymiz", - deydi Vashington meri Muriel Bauzer.