Suriyalik abxazlar Suxumida panoh topmoqda

  • Amerika Ovozi

Valid Vajux rafiqasi bilan

Suriyada fuqarolar urushi davom etar ekan, turli etnik va diniy guruhlarga mansub odamlar boshqa mamlakatlarga bosh olib ketmoqda. Arman xristianlar Bayrut, so’ngra Armanistonga ko’chib ketishni afzal ko’rdi. Asrlar davomida Suriyada yashagan etnik abxazlar Abxaziyada panoh topmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Suriya - Abxaziya - Navbahor Imamova


Urush tufayli milliondan ziyod odam Suriyadan quvildi. Ko’plar Turkiya, Iordaniya va Livandagi qochqinlar lagerlarida vaqtincha boshpana topdi. Ayrimlar esa hatto Qora dengiz bo’yidagi Abxaziyagacha yetib bordi.

Suxumi kurort shahar. Bundan 150 yil oldin bu yerda yashagan abxaz musulmonlarni rus imperatori Turkiyaga haydagan. So’ngra ular Suriyada ildiz otgan. Endi esa tarixiy vataniga qaytmoqda.

Elbrus Abxaza urushdan oldin Damashqda fransuz tilidan dars bergan. Suxumiga kelgani haqida shunday deydi:

“Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan buyon Abxaziyadagi vaziyatni kuzatdim, bu respublikaning mustaqillik uchun kurashgani haqida eshitganman. Endi bu yerga ko'chib keldim”.

1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanib, Gruziya mustaqillikka erishganida, abxazlar ham mustaqillikni talab qildi. 1993-yilda abxaz qo’shinlari Rossiya yordamida Gruziya askarlarini hududdan haydab chiqardi. 2008-yilda Rossiya va Gruziya o’rtasida yana urush bo’ldi, va Grizuya mag’lubiyatga uchradi. Rossiya esa Abxaziyada harbiy bazalar o’rnatdi.

Suriyalik etnik abxaz Valid Vajux bundan 20 yil avval Gruziyaga qarshi urushda ko’ngilli sifatida qatnashgan. Bundan olti oy oldin Damashqda harbiy harakatlar boshlanganidan keyin gul sotib, kun ko’rgan uch farzand otasi Vajux Abxaziyaga ko’chib keldi.

“Qayerda hayot tinch bo’lsa, o’sha yer zo’r. Abxaziyada hukumat migrantlarga yordam beradi, etnik abxazlarni bag’rini ochib kutib olmoqda,” - deydi u.

O’z mustaqilligini e’lon qilgan Abxaziya tashqi ishlar vaziri Vyacheslav Chirikba bu yerga 200 suriyalik abxaz ko’chib kelgani, yana 150 nafari aprel oxirida yetib kelishini aytadi.

“Xavfli vaziyatdagi va yordamga muhtoj og’a-inilarimizga qo’ldan kelgancha ko’maklashamiz”.

Suriyadan Suxumiga ko’chib kelgan abxazlarning aksariyati abxaz yoki rus tilini bilmaydi. Shunga qaramay respublika rahbariyati ularni ish bilan ta’minlashga tayyor.

“Muhojirolarning ko’pi juda muhim kasb egalari, masalan Abxaziyada kerak bo’lgan elektriklar. Ayrimlari ishga kirishga ham ulgurdi,” - deydi Chirikba.

Abxaz davlat universitetidan Beslan Baratelia Turkiyada yashaydigan abxazlarning Abxaziyaga ko’chib kelishini rag’batlantiruvchi davlat dasturi borligini aytadi:

“Ko’chib kelganlarga moliyaviy yordam berish uchun maxsus jamg’arma tuzilgan, uy va ish topishda ham ko’maklashiladi”, - deydi suhbatdosh.

Uy-joy masalasi muammo emas. 1993-yildan keyin Abxaziya aholisining yarmisini tashkil etuvchi gruzinlar vataniga ketganidan keyin ko’p uylar bo’sh qolgan.

Tbilisida norozilik namoyishi uyushtirgan gruzinlar Abxaziya rahbariyati bizga uyimizga qaytishni ruhsat etsin, deb talad qiladi. Rossiya va Venesueladan tashqari boshqa davlatlar qochqinlarning Abxaziyaga qaytishini, Rossiya qo’shinlarining bu huddudan olib chiqilishini qo’llab-quvvatlaydi.

Suxumida chiqadigan “Nuzhnaya gazeta” haftanomasi muharriri Izida Chaniya esa aholi masalasida respublika rahbariyati iqtisodiy emas, etnik siyosat olib borayotganini aytadi:

“Maqsad Abxaziyada abxazlar sonini oshirish”, - deydi u.

Aholini ko’paytirishga intilayotgan etnik abxazlarning Suxumi 100 kilometr narida bo’lgan Gruziyadan bu hududga qaytishini emas, balki 1000 kilometr masofadan, Suriya va Turkiyadan olib kelishni afzal ko’rmoqda.