Al-Qoida Suriyada namoyishchilar tomonda

  • Amerika Ovozi

Al-Qoida Suriyada namoyishchilar tomonda

Al-Qoidaning yangi yetakchisi Ayman al-Zavohiriy bugun internetda e'lon qilingan video murojaatida Suriyada Bashar al-Assad hukumatiga qarshi qo'zg'olonni olqishlab, ommani Amerika va Isroilga nisbatan ham bosh ko'tarishga chaqirgan.

Asli misrlik Zavohiriy prezident Assadni "yulg'ich zolim" deb atagan. "Assad islomga qarshi kurashda Amerikaning hamkoridir", - degan al-Qoida lideri.

Ayman al-Zavohiriy, al-Qoida yetakchisi

Zavohiriy so'zlariga ko'ra, Amerika Suriya rahbarini yangilab, Isroil manfaatlarini himoya qiluvchi yana bir shaxsni hokimiyatga keltirmoqchi.

Bashar al-Assad namoyishlarni bostirish uchun ko'p sonli harbiy kuch safarbar etgan.

Ular bugun Damashqda 11 namoyishchini otib o'ldirgan. Kamida 250 kishi hibsga olingan.

Guvohlarning aytishicha, harbiylar buldozer va tanklarni ishga solmoqda. Namoyishchilarning ularga bas kelishi qiyin, deydi huquq faollari.

Bashar al-Assad, Suriya rahbari

Ularning hisobicha mart oyidan beri, ya'ni namoyishlar avj olganidan buyon Suriyada 1600 fuqaro o'ldirilgan.

Hukumat namoyishchilarni terrorist va xalq dushmanlari deb ataydi. Qo'zg'olon ishtirokchilari esa diktaturadan to'ygan fuqarolarmiz, deydi.

BMT Suriya hukumati insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan bo'lishi mumkin deya ogohlantirmoqda. G'arb davlatlari ham shu fikrda. Lekin Bashar al-Assad qo'zg'olonni qurolli kuch bilan bostirish qaroridan qaytmayapti.