Suriya shimolidagi isyonkor shahar armiya qo’lida, erkaklar qamoqqa olinmoqda

  • Amerika Ovozi

Yakshanba kuni ertalab prezident Bashar al-Assadning inisi Mohir boshliq askarlar shahar yoqasida o’rnatilgan minalarni chetlab, Jisr al-Shugurga kirgan

Suriya shimolidagi isyonkor shahar armiyaning maxsus qismlari qo’lida ekan, minglab fuqaro qo’shni Turkiyaga qochgan. Hukumat 50 ming kishi yashovchi Jisr al-Shugur shahrini o’qqa tutib, so’ng jangovar vertolyot va tanklarni ishga solgan. Shaharning erkak aholisi qamoqqa olinmoqda.

Shu paytgacha 7 ming suriyalik hududni tashlab chiqib, Turkiyada panoh topgan. Yana bir necha ming fuqaro chegarada nima bo’larini kutib, vahimada.

Rasmiy matbuot xabariga ko’ra, yakshanba kuni ertalab prezident Bashar al-Assadning inisi Mohir boshliq askarlar shahar yoqasida o’rnatilgan minalarni chetlab, Jisr al-Shugurga kirgan. Yo’lda isyonchilar bilan olishib, ikki kishini o’ldirgan.

Jisr al-Shugurda topilgan ommaviy qabrdan 10 zobitning jasadi olib chiqilgan. Ko’pining boshi va qo’llari kesib tashlangan.

Hukumat isyonda qurollangan jinoiy guruhlar, ajnaviy kuchlarni ayblab keladi. Oy boshida 120 askarni o’ldirgan ham ana shular ekani aytiladi. Lekin guvohlar so’zlariga ko’ra, zobitlar orasida aholini o’qqa tutish borasida bahs boshlanib, ayrimlari safni tark etgan va shu zahoti otib tashlangan.

Suriya shimolidagi isyonkor shahar armiya qo’lida, erkaklar qamoqqa olinmoqda

G’arb davlatlari, jumladan Qo’shma Shtatlar Suriyada avj olgan repressiyani bas qilishga, gumanitar tashkilotlar ishiga to’sqinlik qilmaslikka chaqirmoqda.

Britaniya va Fransiya Assad ma’muriyati harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyani BMT Xavfsizlik Kengashida ovozga qo’yish tarafdori edi. Biroq veto huquqiga ega Rossiya va Xitoy bunga qat’iyan qarshi.

Huquq faollari hisob-kitobiga qaraganda, mart oyida namoyishlar boshlanganidan beri 1300 odam halok bo’lgan. 10 ming fuqaro hibsda.

Qo’shni Turkiyada jon saqlayotgan qochqinlar esa tibbiy yordamga muhtoj.

Ayollar, bolalar va keksalar. Qonli olsihuv va dahshatdan hali o’ziga kelma olmagan odamlar.

“Bolalar uchun sut, yegulik tugab bormoqda”, - deydi mana bu qochqin. Uy-joy, hosilga o’t qo’yilgan. Bu mazhablararo qirg’inga aylanadi degan xavotir bor.

Turkiya qochqinlar oqimi bilan olishar ekan, xalqaro hamjamiyatdan yordam so’ramoqda.